Dunyo

BMT Xavfsizlik Kengashi yangi bosh kotib nomzodi boʻyicha kelishuvga erisha olmadi

BMTning amaldagi bosh kotibi Antoniu Guterrishning vakolatlari 2026-yil oxirida tugaydi. Tashkilotning yangi rahbari 2027-yil 1-yanvardan oʻz vazifasini bajarishga kirishishi kerak.

BMT Xavfsizlik Kengashi yangi bosh kotib nomzodi yuzasidan kelishuvga erisha olmadi

Associated Press o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, BMT Bosh kotibi lavozimiga ko‘rsatilgan yetti nomzodning hech biri Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega barcha doimiy a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.

Yangi bosh kotiblik uchun asosiy da’vogarlar sifatida BMTning savdo bo‘linmasi rahbari, kosta-rikalik Rebeka Grinspan, Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari, argentinalik Rafael Grossi hamda Gayananing BMTdagi doimiy vakili Kerolin Rodriges-Birkett tilga olinmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, so‘nggi bir necha hafta davomida AQSH ma’muriyati vakillari nomzodlarning hech biri «ideal» emasligiga ishora qilgan. Vashington tashkilotni tubdan isloh qilishga, shuningdek, BMTning bir qator tuzilmalaridan chiqishga yoki chiqishni rejalashtirishga e’tibor qaratgan.

Shunga qaramay, AQSH rasmiylari Vashington nomzodlardan birini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini inkor etmayapti. AP manbalariga ko‘ra, AQShning pozitsiyasi yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Mayk Uolts tashkilotga BMTni tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash degan dastlabki maqsadiga qaytara oladigan «kuchli va faol rahbariyat» zarurligini ta’kidladi.

«Bu tashkilot 80 yil davomida hamma uchun hamma narsa bo‘lishga urindi. Biz uni, ta’bir joiz bo‘lsa, parhezga o‘tqizdik - parhezdan keyin barchamizning ahvolimiz biroz yaxshilandi. Endi esa uni yana tinchlik va xavfsizlik masalalariga yo‘naltirishimiz kerak», - dedi Uolts.

AP yozishicha, an’anaga ko‘ra BMT bosh kotibi lavozimi navbatma-navbat turli mintaqalar vakillariga o‘tadi va hozir navbat Lotin Amerikasiga kelgan.

Shu bilan birga, Uolts va Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya yangi nomzodlar paydo bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.