Siyosat

BMT Rossiyani fikr erkinligini hurmat qilishga chaqirdi

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Rossiyaning «Yabloko» partiyasi raisi o‘rinbosari Lev Shlosbergning 11 yilga ozodlikdan mahrum etilishi yuzasidan xavotir bildirdi. U Rossiya rasmiylarini fikr erkinligini va fuqarolarning saylov jarayonida erkin ishtirok etish huquqini ta’minlashga chaqirdi.

BMT Rossiyani so‘z erkinligini hurmat qilishga chaqirdi

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk 19-avgust kuni «Yabloko» partiyasi raisi o‘rinbosari Lev Shlosbergga nisbatan chiqarilgan hukmdan xavotir bildirdi.

Shlosberg Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ochiqchasiga qarshi chiqqan siyosatchilardan biri bo‘lib, sud tomonidan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Folker Tyurk Rossiyani «fikr erkinligini, shuningdek, fuqarolarning saylov jarayonida to‘laqonli va erkin ishtirok etish huquqini hurmat qilishga» chaqirdi.

«Tinch norozilik hech qanday holatda jinoiy harakatga aylantirilmasligi kerak», - deya ta’kidladi BMT oliy komissari.

Bundan avval BMT Rossiya rasmiylarining «Yabloko» partiyasini Davlat dumasi saylovlarida ishtirok etishdan chetlatish qarorini ham qoralagan edi. Manbada «Yabloko» Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tezroq tugatish tarafdori bo‘lib kelayotgan yagona partiya sifatida qayd etilgan.

Pskov shahar sudi ikki kun avval Lev Shlosbergni Rossiya Qurolli kuchlarini takroran «obro‘sizlantirish» va Ukrainadagi keng ko‘lamli urush haqida «yolg‘on ma’lumot» tarqatishda aybdor deb topgan.

Qurolli kuchlarni «obro‘sizlantirish» bo‘yicha ishga siyosatchining tarixchi Yuriy Pivovarov bilan o‘tkazgan debatlari yozuvi sabab bo‘lgan. Ushbu bahs davomida Shlosberg harbiy harakatlarni imkon qadar tezroq to‘xtatish zarurligini himoya qilgan.

«Yolg‘on ma’lumot» tarqatish bo‘yicha jinoiy ish esa Shlosbergning Telegram-kanalida «Exo Moskvy» materialini qayta tarqatishi bilan bog‘liq. Unda Britaniyaning Daily Mirror gazetasi birinchi sahifasi aks etgan bo‘lib, muqovada qonga belangan ayol va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning surati joylashtirilgan edi.

Lev Shlosberg Rossiyada qolib, urushga qarshi pozitsiyasini ochiq bildirib kelayotgan taniqli siyosatchilardan biri hisoblanadi.

«Yabloko» partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon partiya ofislari va uning faollari bilan bog‘liq joylarda kamida 40-marta tintuv va binolarni ko‘zdan kechirish tadbirlari o‘tkazilgan. Shuningdek, partiyaning 36 a’zosiga nisbatan armiyani «obro‘sizlantirish» bo‘yicha jami 45 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.