BMT Bosh Assambleyasi qitʼalarning oʻlchamlari aniqroq koʻrsatilgan dunyo xaritasiga oʻtishni qoʻllab-quvvatladi
BMT Bosh Assambleyasi qitʼalar hajmini aniqroq aks ettiradigan va Afrika proportsiyalarini buzib koʻrsatmaydigan xaritalardan foydalanish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani maʼqulladi. Tashabbusni 164 ta davlat, shu jumladan Oʻzbekiston qoʻllab-quvvatladi.

BMT Bosh Assambleyasi 4 sentyabr kuni qitʼalar hajmini aniqroq koʻrsatadigan xaritalardan foydalanish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani maʼqulladi, deb xabar bermoqda BMT Yangiliklar xizmati.
Hujjatni 164 ta davlat, jumladan Oʻzbekiston qoʻllab-quvvatladi. Faqat AQSh qarshi chiqdi. Yana oltita davlat — Estoniya, Gruziya, Litva, Moldova, Serbiya va Ukraina betaraf qoldi.
Anʼanaviy dunyo xaritalarini almashtirish tashabbusi Togo boshchiligidagi Afrika davlatlaridan chiqdi.
Rezolyutsiya hukumatlar, maktablar, xalqaro tashkilotlar va texnologik kompaniyalarga hududlarning nisbiy oʻlchamlarini hisobga olish muhim boʻlgan hollarda Equal Earth proyektsiyasidagi xaritadan va boshqa tengdosh xaritalardan foydalanishni tavsiya etadi. Shu bilan birga, hujjat tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlib, Merkator proyektsiyasini taqiqlamaydi.
Flamandlik kartograf Gerard Merkator oʻz proyektsiyasini 1569 yilda dengiz navigatsiyasi uchun yaratgan. Uning xaritasidagi toʻgʻri chiziqlar kompas boʻyicha doimiy yoʻnalishlarga mos keladi va dengizchilar ulardan yoʻnalishlarni belgilash uchun foydalanishlari mumkin edi.
Ammo yoʻnalishlarning saqlanishiga maydonning buzilishi evaziga erishilgan. Hudud ekvatordan qanchalik uzoqda joylashgan boʻlsa, u shunchalik kattalashgan. Bunday xaritada Grenlandiya Afrika bilan deyarli teng oʻlchamda koʻrinishi mumkin, vaholanki Afrika undan taxminan 14 baravar katta. Shimoliy Yevropa va Shimoliy Amerika ham ekvator yaqinida joylashgan mintaqalarga qaraganda sezilarli darajada kattalashgan boʻlib chiqadi.
Dastlabki navigatsiya maqsadiga qaramay, Merkator proyektsiyasi hanuzgacha taʼlim, media, raqamli va rasmiy materiallarda keng qoʻllanilmoqda.
Rezolyutsiyada qayd etilishicha, bunday buzilishlar Afrikaning «ramziy kichrayishiga» yordam bergan va dunyo haqidagi nomutanosib tasavvurni qoʻllab-quvvatlagan.
Togo tashqi ishlar vaziri Rober Dussi rezolyutsiya Merkator proyektsiyasiga qarshi qaratilmaganini taʼkidladi. «Adolatli xarita dunyo geografiyasini oʻzgartirmaydi — u bizning dunyoni koʻrish tarzimizni oʻzgartiradi», — dedi u.
AQSh ushbu tashabbus siyosiy xususiyatga ega ekanini bildirdi va uni «ancha keng koʻlamli va radikal mafkuraviy loyiha»ning bir qismi deb atadi.
Ovoz berishda betaraf qolgan Ukraina Afrika va Global Janubning boshqa qismlariga taʼsir koʻrsatadigan tarixiy buzilishlarni tuzatish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi, biroq Equal Earth-dan foydalanilgan ayrim xaritalarda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlari qanday tasvirlanganiga eʼtiroz bildirdi.
Yevropa Ittifoqi rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatladi, biroq shunga oʻxshash xavotir bildirdi. Ittifoq nomidan soʻzga chiqqan Irlandiya bu chora faqat hududlarning nisbiy oʻlchamlariga tegishli ekanini va suverenitet, hududiy maqom yoki xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar masalalariga hech qanday daxli yoʻqligini taʼkidladi. Yevropa Ittifoqi vakili, shuningdek, rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlash Equal Earth saytida joylashtirilgan xaritalarni avtomatik ravishda maʼqullashni anglatmasligini aytdi.

