Dunyo

Bloomberg: Rossiyaning sentabrdagi yoʻqotishlari 50 mingdan oshgan

Rossiya armiyasi sentabr oyida Ukrainada 50 mingdan ortiq harbiysini halok boʻlganlar va jarohatlanganlar hisobida yoʻqotgan. Bloomberg bu haqda 11-oktabr kuni NATOning yuqori martabali vakiliga tayanib xabar berdi.

Bloomberg: Rossiyaning sentabrdagi yoʻqotishlari 50 mingdan oshgan

DW’ning Bloomberg’ga tayanib yozishicha, NATO vakili halok boʻlgan rossiyalik harbiylar soni 28 ming nafargacha yetganini bildirgan. Shunday ekan, 50 mingdan ortiq yoʻqotish haqidagi baho faqat qurbonlarni emas, yaralanganlarni ham o‘z ichiga oladi.

Alyansdagi manba shu davrda Ukraina Qurolli kuchlari yoʻqotishlarini qariyb 5 ming kishi deb koʻrsatgan. Biroq keltirilgan xabarda bu raqam faqat halok boʻlganlarnimi yoki jarohatlanganlarni ham qamrab olishi aniqlashtirilmagan.

Bloomberg Rossiya qoʻshinlari hujumda natijaga erishish uchun harbiylarni «oʻlim zonalari»ga yoʻnaltirayotganini yozgan. Agentlik bu atama bilan dronlar, yerga oʻrnatilgan minalar, artilleriya va boshqa mudofaa vositalari keng qoʻllanadigan hududlarni nazarda tutgan.

Materialda Rossiyaning urush xarajatlari ham ortib borayotgani qayd etilgan. Bloomberg bahosiga koʻra, 2026-yil yakunida Moskva harbiy xarajatlari 17 trillion rublga — qariyb 178 milliard yevroga — yaqinlashishi kutilmoqda.

Bu Rossiya rasmiylari 2025-yil oxirida eʼlon qilgan dastlabki koʻrsatkichlardan taxminan 40 foiz yuqori.

Germaniya Federal razvedka xizmati — BND rahbari Martin Yeger oʻtgan hafta urushning davom etishi Vladimir Putin uchun uni siyosiy yoʻqotishlarsiz toʻxtatishni qiyinlashtirayotganini aytgan edi.

Avvalroq, avgust oyida The Guardian Rossiyaning bir oylik harbiy yoʻqotishlari armiyaga yangi jalb qilinayotganlar sonidan qariyb 6 ming nafarga koʻp ekanini xabar qilgan.

Nashrga gapirgan gʻarblik amaldorlardan biri katta yoʻqotishlarni yangi harbiylar jalb qilish orqali qoplash imkoniyatlari cheklanganini taʼkidlagan. Uning fikricha, bu Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirish taktikasini qisman izohlaydi.

Amaldor Moskva qishda energetika infratuzilmasini vayron qilish orqali ukrainaliklarning ruhiyatini sindirishga urinayotganini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.