"Bizning maqsadimiz – Oʻzbekistonda yetakchi zamonaviy xususiy banklardan birini barpo etish" – ABB boshqaruv raisi bankning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi haqida
ABB’ning Oʻzbekiston bozoriga kirishi ushbu Ozarbayjon moliya guruhining xalqaro strategiyasida muhim bosqich hisoblanadi.

"Bizning maqsadimiz – Oʻzbekistonda yetakchi zamonaviy xususiy banklardan birini barpo etish" – ABB boshqaruv raisi bankning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi haqida
ABB’ning Oʻzbekiston bozoriga kirishi ushbu Ozarbayjon moliya guruhining xalqaro strategiyasida muhim bosqich hisoblanadi. Huquqiy jarayonlar yakunlangach, “Davr Bank” “ABB Davr” brendiga oʻtishni boshlaydi; ushbu brend faoliyatini joriy yilning oktabr oyidayoq yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. ABB Boshqaruv raisi Abbos Ibrohimov yangi bankning dastlabki qadamlari, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash rejalari hamda Oʻzbekistonning yetakchi xususiy banklaridan birini barpo etishga qaratilgan maqsadlar haqida soʻz yuritdi.
- 23-avgust kuni Ozarbayjon va Oʻzbekiston prezidentlari ishtirokida ABB Davr loyihasiga rasman start berildi. Hozir koʻpchilikni asosiy savol qiziqtiradi: bank ABB Davr brendi ostida qachon ishlay boshlaydi?
- Ha, 23-avgust biz uchun tarixiy kunga aylandi. Ozarbayjon Respublikasi prezidenti janob Ilhom Aliyev va Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ABB Davr loyihasiga rasman start berildi. Ozarbayjon prezidenti bu voqeani yetakchi Ozarbayjon bankining Oʻzbekiston bozoriga chiqishi sifatida taʼrifladi. Bizning uchun bu bir vaqtning oʻzida katta gʻurur va katta masʼuliyatdir.
Biz ushbu loyihaga yuqori darajada koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash uchun Ozarbayjon va Oʻzbekiston prezidentlariga minnatdorchilik bildiramiz. Shuningdek, loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida bizga koʻmaklashgan ikki mamlakat davlat tuzilmalariga - markaziy banklarga, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga minnatdorchilik bildirishni istardik.
Loyihaning rasmiy startidan oldin barcha zarur ruxsatnomalar olindi va aksiyalarni sotib olish-sotish shartnomasi allaqachon imzolandi. Keyingi bosqichda qonunchilik va shartnomada nazarda tutilgan tartib-taomillarga muvofiq aksiyalarga boʻlgan huquqlarning yuridik oʻtkazilishi amalga oshiriladi va aksiyadorlar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Ushbu jarayon yakunlangandan soʻng ABB Davr Bankning asosiy aksiyadoriga aylanadi. Biz bu jarayon yaqin 7–10 kun ichida yakunlanishini kutmoqdamiz.
ABB Davr brendi ostida ish bankning nomi oʻzgarishi bilan bogʻliq rasmiy tartib-taomillar yakunlangandan soʻng darhol boshlanadi. Menimcha, taxminan oktabr oyida ABB Davr brendini koʻramiz.

