Biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi – prezident
Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi. “Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ular tomonidan ko‘tarilgan masalalar asosida yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Davlat rahbari biznesning har bir bosqichiga mos keladigan yaxlit ekotizim yaratilishini ma’lum qildi.
Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash. Endilikda yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun esa “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” dasturi doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni o‘rganadilar. Ushbu maqsadga 100 milliard so‘m ajratilib, tayyor biznes-rejalar va 200 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, “Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”.
Kichik tadbirkorlar uchun eng muhim masalalardan biri – garov ta’minoti. Shu sababli, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi.
Ushbu tizimga ko‘ra, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi va 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga esa atigi 25 foiz garov topish kifoya qiladi.

