Biznesni davlat tomonidan roʻyxatga olish sanasi belgilandi
Hukumat qarori bilan biznesni roʻyxatga olishni oʻtkazish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Biznesni davlat tomonidan roʻyxatga olish muddati belgilandi. Qarorga muvofiq, roʻyxatga olish 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha davom etadi. Roʻyxatga olish sanasi sifatida 2026-yil 1-oktabr, soat 00:00 belgilangan.
Roʻyxatga olish jarayonida iqtisodiy birliklar — yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilganlar hamda roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlar qamrab olinadi.
Yuridik shaxslar hisobot.stat.uz orqali, oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar esa census.stat.uz orqali mustaqil roʻyxatdan oʻtadi.
Roʻyxatga oluvchi xodimlar iqtisodiy birliklarni ular faoliyat yuritayotgan manzilda roʻyxatga oladi; soʻrovlar soat 9:00 dan 18:00 gacha oʻtkaziladi.
Bundan tashqari:
- Biznes vakillariga oid maʼlumotlar sir saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda ishlatiladi;
- Savol va murojaatlar uchun 1851 qisqa raqamli koll-markaz tashkil etiladi.
Roʻyxatga olishning yakuniy natijalari Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy veb-saytida 2027-yil 1-sentabrga qadar eʼlon qilinadi.
Roʻyxatga olish yakunlangach, oʻn kun davomida roʻyxatga olingan iqtisodiy birliklarning 5 foizigacha qismi tanlanma nazorat ostida tekshiriladi.

