Dunyo

«Biz nonining ichiga plastik yashirgan oilani tutib oldik»

Pablar va restoranlar toʻlamay ketishga urinayotgan mijozlar nishonga aylangani haqida soʻzlab berdi.

«Biz noniga plastik yashirgan oilani tutib oldik»

Kornuoll grafligining Nyulin shahridagi «Mackerel Sky Seafood Bar» restorani xodimi Nina Maklin odamlar oʻz ovqatlariga soch yoki plastik kabi narsalarni ataylab solib qoʻyganini koʻrgan

Soʻnggi yillarda restoran va pablar Devon va Kornuoll politsiyasiga mijozlarning pul toʻlamasdan ketib qolgani bilan bogʻliq yuzlab holatlar haqida xabar berishdi. Politsiya ushbu jinoyat haqida hali ham yetarlicha xabar berilmayotganini aytdi va bundan jabr koʻrgan korxonalarni ijtimoiy tarmoqlarda oʻzboshimchalik bilan murojaatlar joylashtirmaslikdan ogohlantirdi. Biz Kornuolldagi Nyulin shahriga tashrif buyurib, pab va restoran egalari bilan ularning ovqatlanib, pul toʻlamay qochib ketish (dine and dash) holatlari boʻyicha tajribalari va bunga qarshi qanday kurashganlari haqida suhbatlashdik.

Restoran kuzatuv kamerasi (CCTV) erkak va ayolni tasvirga oldi

«Bizda bir oila non boʻlagi ichiga plastik solib qoʻyib, keyin goʻyoki uni tishlab tishini sindirib olganday koʻrsatgan edi».

Bu Nina Maklin soʻnggi yillarda shaharchadagi oʻzining «Mackerel Sky Seafood Bar» restoranida duch kelgan ovqatlanib, pul toʻlamay qochib ketish holatlaridan faqat bittasidir.

Kuzatuv kameralari orqali mijozlarning ovqatlariga plastik va soch kabi narsalarni solayotganini tutib olishdan tashqari, boshqalar shunchaki pul toʻlamasdan qochib ketishgan.

Shunday voqealardan biridan keyin Maklin qoidabuzarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali topishga harakat qildi.

«Shundan soʻng, er-xotin bizga qoʻngʻiroq qilib, ularning yuzlari aks etgan tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlashimizni soʻrashdi. Biz agar ular hisobni toʻlashsa, postni jon-dilimiz bilan oʻchirib tashlashimizni aytdik, lekin ular bundan bosh tortishdi — pirovardida bu oʻgʻrilikdir», dedi u.

«Politsiya bu borada koʻp narsa qila oladi deb oʻylamayman, bu achinarli, chunki bu odamlarni bunday qilishdan toʻxtatib qolmaydi. Lekin siz shunchaki odamlar halol boʻlishiga umid qilishingiz kerak, va odamlarning aksariyati halol va vijdonlidir».

Devon va Kornuoll politsiyasi korxonalarni aybdorlarni aniqlash uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan koʻra, bunday holatlar yuz berganda koʻproq dalillarni taqdim etishga chaqirdi.

Kornuollning Nyulin shahridagi «The Swordfish» pabidan Trevelyan Vortning aytishicha, oʻtgan yili mijozlar ikki marta 140 funt sterlingdan ortiq hisobni toʻlamasdan chiqib ketishgan

Boshqa restoran va pablar ham pul toʻlamay qochib ketgan odamlarni topish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishgan.

Gavjum baliqchilik bandargohi yaqinida joylashgan «The Swordfish» pabining bosh menejeri Trevelyan Vort oʻtgan yili mijozlar 140 va 380 funt sterlinglik hisoblarni toʻlamasdan chiqib ketishganini aytdi.

Ushbu voqealar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgandan soʻng, mijozlardan biri nihoyat oʻz hisobini toʻladi, ammo ikkinchisi hali ham hal etilmagan.

«Moliyaviy zarardan tashqari eng katta zarar — bu ishonchning yoʻqolishidir», dedi u.

«Hozirgi kunda koʻplab korxonalarga borganingizda sizdan oldindan toʻlov qilish talab etiladi. Men esa hali ham ishonch asosida ishlayman».

Bir necha yuz metr narida, portga qaragan «Fisherman's Arms» pabi ham ovqatlanib, pul toʻlamay qochuvchilar bilan bogʻliq tajribaga ega.

Portkurno yaqinidagi «The Logan Rock Inn» va Silli orollaridagi ikkita pabning ham hammuassisi boʻlgan Nikolas Jorj shunday dedi: «Bizda toʻrt yoki beshta shunday holat boʻldi va biz ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali topdik, ular har safar toʻlovni amalga oshirishdi».

Endi u odamlardan agar ular tashqarida oʻtirishsa yoki xodimlari mijozni tanishmasa, buyurtma berish paytida toʻlov qilishni soʻraydi.

«UK Hospitality» tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, mijozlarning ovqatlanib, keyin toʻlamasdan ketib qolishi restoranlarning uchdan biriga taʼsir qiladi.

Devon va Kornuoll politsiyasi serjanti Kris Chelonerning aytishicha, agar kimdir restoranda ovqatlanib, keyin ataylab toʻlamasdan chiqib ketsa, bu jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

U politsiyada bu masala boʻyicha yetarli maʼlumot yoʻqligini tan oldi, chunki xabar qilingan holatlar darajasi yuqori boʻlmagan.

Bi-bi-sining axborot erkinligi toʻgʻrisidagi soʻrovi orqali olingan maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, 2022 yildan beri Devon va Kornuoll politsiyasiga umumiy ovqatlanish korxonalaridan mijozlarning toʻlamasdan qochib ketgani haqida 234 ta xabar kelib tushgan.

Umuman olganda, yoqilgʻi quyish shoxobchalari va doʻkonlar kabi barcha shoxobchalarni qoʻshib hisoblaganda, bu koʻrsatkich 2 802 taga yetadi.

Cheloner shunday dedi: «Bu oʻgʻrilik va biz bu bilan shugʻullanishimiz kerak. Mening maslahatim — ijtimoiy tarmoqlarga hech narsa joylashtirmang, politsiyaga xabar bering, bizga dalillarni yuboring va qolganini oʻzimiz hal qilamiz».

Vaqtinchalik bosh komissar Antoni Xart ham jabrlanuvchilarni politsiyaga murojaat qilishga chaqirdi.

U shunday dedi: «Tasvir internetga joylashtirilgandan soʻng, uni butunlay oʻchirib tashlash deyarli imkonsiz boʻladi va shaxslarning notoʻgʻri aniqlanishi xavfi mavjud.

Bu beayb odamlar va ularning oilalariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Kadrlar yoki tasvirlarda bolalar yoki yoshlar aks etgan boʻlishi mumkin boʻlgan hollarda alohida ehtiyotkorlik choralarini koʻrish kerak.

Politsiya surishtiruvi yakunlanmasdan oldin tasvirlarni eʼlon qilish tergovga ham taʼsir qilishi mumkin. Bu potentsial guvohlarga taʼsir qilishi, shaxsni rasmiy tanib olish jarayonlariga xalaqit berishi yoki gumonlanuvchilarni politsiya qiziqishidan ogohlantirishi mumkin, bu esa surishtiruvni yanada qiyinlashtiradi.

Kimningdir shaxsini aniqlashda jamoatchilik yordamini olish uchun haqiqiy tergov zarurati tugʻilganda, politsiya milliy yoʻriqnoma va qonunchilikka muvofiq, tasvirlarni nazorat qilinadigan va qonuniy yoʻl bilan tarqatishi mumkin».

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.