“Birini ikkinchisidan ustun qo‘ymayman” — Habib Messi va Ronaldu raqobati haqida

**"Men birini ikkinchisidan ustun qo‘ymayman" — Habib Messi va Ronaldu raqobati haqida**
UFC yengil vazn toifasining sobiq chempioni, rossiyalik Habib Nurmagomedov Saudiya Arabistonining "An-Nassr" klubi hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronalduning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr bildirdi.
Habibning so‘zlariga ko‘ra, "Xudo Krishtianu Ronalduni atletizm va yuqori darajadagi jismoniy formasini saqlab qolish qobiliyati bilan siylagan. Ko‘plab sportchilar bu sifatini yo‘qotadi. Iqtidorli va jismonan kuchli futbolchilar ko‘p, ammo ularning aksariyati dangasa. Ronalduda esa hammasi bor: atletizm, iste’dod, mehnatsevarlik va hokazo".
Dog‘istonlik sportchi Ronalduning "Manchester Yunayted" va "Real Madrid"dagi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi: "U 'Sporting'da porladi, keyin 'Manchester'ga o‘tdi. U yerda iz qoldirish oson emas. Ularning 2008-yilda erishgan yutuqlari aql bovar qilmas edi. Keyin yanada kuchli klub sanalgan 'Real Madrid'ga bordi. 'Manchester Yunayted'da besh yil, 'Real'da to‘qqiz yil — u futbol tarixidagi eng buyuk ikki jamoada qariyb 15 yil davomida nihoyatda katta bosim ostida raqobatlashdi. U ikkala klubda ham eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Bunga erishish juda qiyin. Krishtianu 22 yoki 23 yildan beri eng yuqori darajada o‘ynab kelmoqda. Hozir esa u 1000 ta gol urish marrasiga yaqin turibdi. Messi bu raqamga yetadimi? Bu ochiq savol".
Shuningdek, Habib Ronaldu va Messi raqobati haqida ham gapirdi: "Men 'Real' Madridga muxlislik qilaman, ammo bu Messi erishgan yutuqlarni inkor qilaman degani emas. Men birini ikkinchisidan ustun qo‘ymayman. Messi biz biladigan Messi bo‘larmidi, agar Ronaldu bo‘lmaganida? Yoki aksincha? Bu jiddiy savollar. Ishonchim komilki, ular bir-birini yanada yaxshi bo‘lishga undagan. Ularning har ikkisi ham ulkan hurmatga loyiq", dedi UFC sobiq chempioni.
Avvalroq Krishtianu Ronaldu otasining vafoti munosabati bilan post e’lon qilgan Lionel Messiga hamdardlik bildirgan edi.

