Dunyo

Bir zarbada kamida 20 ofitser: «Mediazona» Rossiya armiyasining yirik yoʻqotishi haqida xabar berdi

Ukrainaning 26-avgust kuni Donetskka bergan raketa zarbasi oqibatida kamida 20 nafar rossiyalik ofitser halok boʻlgan. «Mediazona» nashri buni Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli hujumi boshlanganidan buyon ofitserlar tarkibi orasidagi maʼlum boʻlgan eng katta bir martalik yoʻqotish deb baholadi.

Bir zarbada kamida 20 ofitser: «Mediazona» Rossiya armiyasining katta yoʻqotishi haqida xabar berdi

DW maʼlumotiga koʻra, «Mediazona» jurnalistlari halok boʻlgan harbiylarning ismlarini aniqlab, surishtiruv natijalarini 9-oktabr kuni eʼlon qilgan.

Aniqlangan 20 ofitserning 18 nafari zarba berilgan kuni, yana ikki nafari esa keyinroq olgan jarohatlaridan vafot etgan. Ular orasida yetti nafar polkovnik va toʻrt nafar podpolkovnik bor edi.

Nashrga koʻra, halok boʻlganlar «Markaz» qoʻshinlar guruhiga qarashli shtablarda — Markaziy harbiy okrug va 41-umumqoʻshin armiyasi shtablarida xizmat qilgan.

Jurnalistlar ikki shtabning shaxsiy tarkib roʻyxatlarini meros ishlari reyestri, boshqa davlat reyestrlari hamda harbiylar haqidagi taʼziya xabarlari bilan taqqoslab, ularning shaxsini aniqlagan.

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya egallab olgan Donetskka 26-avgust kechqurun raketa zarbasi bergan. Oʻsha paytda maʼmuriyat rahbari Denis Pushilin nishon «Donetsk Siti» savdo markazi boʻlganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, hujumda Storm Shadow/SCALP-EG raketalari ishlatilgan.

Biroq ochiq manbalar asosida tahlil yurituvchi OSINT loyihalari zarbalar Rossiya armiyasining qoʻmondonlik punktlariga yoʻnaltirilgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan.

Ukrainaning Exile+ Telegram-kanali zarbalardan biri urushdan oldin ilmiy-tadqiqot va sanoat muassasalari joylashgan binoga tushganini bildirgan. «KіberBoroshno» kanali esa nishonlardan yana biri qurilishi tugallanmagan turar joy majmuasi ostidagi 600 oʻrinli yerosti avtoturargohi boʻlganini maʼlum qilgan.

OSINT loyihalari har ikki obyektdan Rossiya harbiylari qoʻmondonlik punkti sifatida foydalanilgan boʻlishi mumkinligini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.