Iqtisodiyot

«Bir sohani qoʻllab-quvvatlash narxi boshqalarning chekiga tushadi». Biznes shakar importiga qoʻyilgan kvotalarni tanqid qildi

UzBev assotsiatsiyasi 2027 yildan boshlab oq shakar importini kvotalashtirishga qarshi chiqdi. Tashkilot rahbari Alfiya Musinaning fikricha, bu chora narxlarning oshishiga, oziq-ovqat korxonalari xarajatlarining koʻpayishiga va ularning raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelishi mumkin. Biznes, shuningdek, hukumatning yopiq qarorini ochiqlashni talab qilmoqda.

«Bir sohani qoʻllab-quvvatlash narxi boshqalarning chekiga tushadi». Biznes shakar importiga kvotalarni tanqid qildi

Oʻzbekiston salqin ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (UzBev) 2027 yil 1 yanvardan boshlab yiliga 300 ming tonna hajmda oq shakar importiga kvota joriy etilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda «Gazeta»ga assotsiatsiya ijrochi direktori Alfiya Musina maʼlum qildi.

Uning fikricha, bunday cheklovlar xom ashyo narxining oshishiga, mahsulot tannarxining koʻtarilishiga va inflyatsiya bosimining kuchayishiga olib kelishi mumkin. Biznes, shuningdek, yangi mexanizmning huquqiy asoslari, uning Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga muvofiqligi va hukumat qaroridan jamoatchilik foydalanishi imkoniyati yoʻqligi boʻyicha savollarni oʻrtaga tashlamoqda.

«Bunday chora oʻta muhim xom ashyodan foydalanish imkoniyatini cheklashi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini oshirishi va bir sohani qoʻllab-quvvatlash narxini butun oziq-ovqat sanoati va isteʼmolchilar chekiga tushirishi mumkin», — deyiladi bayonotda.

UzBev belgilangan kvota hajmi ichki bozor ehtiyojlariga mos kelmasligini koʻrsatib oʻtmoqda.

Oʻzbekistonning shakarga boʻlgan yillik ehtiyoji 650–700 ming tonna deb baholanmoqda. Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatga 440,1 mln dollarga teng 652,8 ming tonna shakar va shakar xom ashyosi import qilingan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga koʻpdir.

Ushbu fonuda, assotsiatsiya fikricha, hukumat 300 ming tonnalik kvota korxonalar ehtiyojini qanday taʼminlashi va xom ashyoning ehtimoliy tanqisligining oldi qanday olinishini tushuntirib berishi kerak.

Shu bilan birga, umumiy import hajmini yangi kvota bilan toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirib boʻlmaydi: bojxona statistikasi qayta ishlash uchun ishlatiladigan shakar xom ashyosini ham hisobga oladi, cheklov esa ishlab chiqaruvchilarning alohida toifalari uchun oq shakarga tegishli.

Alfiya Musinaning soʻzlariga koʻra, hamon import xom ashyosi va moliyaviy yordamga qaram boʻlgan shakar zavodilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boshqa mahalliy korxonalar uchun qoʻshimcha qiyinchiliklar tugʻdirmasligi kerak.

«Shakarga boʻlgan imkoniyatning cheklanishi tannarxning oshishi, oʻzbek mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishi va inflyatsiya bosimining kuchayishi xavfini tugʻdiradi», — deb ogohlantirdi UzBev rahbari.

U oziq-ovqat sanoati investitsiyalar, eksport, ish oʻrinlari va soliq tushumlarini taʼminlashini taʼkidladi. Shu sababli cheklovlarning oqibatlari nafaqat ichimliklar va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga, balki isteʼmolchilarga ham taʼsir qilishi mumkin.

Assotsiatsiyaning alohida eʼtirozlari kvotalarni joriy etish mexanizmiga tegishli.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 416-sonli qarori tarif kvotalarini qoʻllashning umumiy tartibini belgilaydi. U belgilangan hajmdan ortiq mahsulotni amaldagi bojxona bojini toʻlagan holda olib kirish imkoniyatini nazarda tutadi.

Biroq ertasi kuni qabul qilingan va oq shakarga kvota joriy etuvchi 417-sonli qarorda kvota ichidagi va undan tashqaridagi boj stavkalari belgilanmagan va limit tugagandan soʻng importni davom ettirish mumkinmi-yoʻqmi, tushuntirilmagan, deyiladi bayonotda.

«Oʻzining amaldagi mazmuniga koʻra, bunday mexanizm tarif kvotasi emas, balki import qilish imkoniyatining oʻzini cheklab qoʻyadigan miqdoriy kvota boʻlib chiqishi mumkin», — deb hisoblaydi Alfiya Musina.

Uning soʻzlariga koʻra, bu Oʻzbekiston aʼzo boʻlishga tayyorgarlik koʻrayotgan JST qoidalari nuqtai nazaridan savollar tugʻdiradi.

Tariflar va savdo boʻyicha bosh kelishuvning (GATT 1994) XI:1-moddasi qoidalarda nazarda tutilgan holatlardan tashqari, importga miqdoriy cheklovlar qoʻyishni umumiy taqiqlaydi.

«Import kvotasini shunchaki „tarifli“ deb qayta nomlash muammoni hal qilmaydi: JST choraning nomini emas, balki uning mazmuni va savdoga amaldagi taʼsirini baholaydi», — deyiladi bayonotda.

UzBev koʻrsatib oʻtgan yana bir nomuvofiqlik kvotalarni taqsimlash bilan bogʻliq. 417-sonli qarorda elektron auktsionlar oʻtkazish nazarda tutilgan boʻlsa, 416-sonli umumiy tartibda bunday mexanizm mavjud emas.

Assotsiatsiya savdolarga qoʻyilish mezonlari, hajmlarni taqsimlash qoidalari, teng foydalanish kafolatlari va kvotalarning cheklangan importchilar doirasida toʻplanib qolishiga qarshi choralarni eʼlon qilish zarur deb hisoblaydi.

Soha vakillarining fikricha, taqsimlashning shaffof shartlari boʻlmasa, raqobatni cheklash xavfi yuzaga keladi.

UzBev, shuningdek, qarorda mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar uchun nazarda tutilgan afzalliklarga ham eʼtibor qaratdi.

Hujjat davlat tashkilotlari va korxonalarini birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqarilgan shakar bilan taʼminlashni nazarda tutadi. Assotsiatsiya amaliyotda bu import shakarni kelib chiqish belgisiga koʻra xaridlardan chiqarib tashlashga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

UzBev baholashicha, bunday yondashuv GATTning III:4-moddasida mustahkamlab qoʻyilgan milliy rejim tamoyiliga muvofiqligini tekshirishni talab qiladi. Shu bilan birga, kelishuv alohida davlat xaridlari uchun istisnolarga yoʻl qoʻyadi, ammo ular tijorat faoliyati yoki qayta sotish uchun xarid qilishga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi.

Yana bir savol shakar zavodlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga tegishli.

417-sonli qaror ularning kredit qarzdorligini qayta tarkiblash, 50 mln dollar investitsiya jalb etish, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash, shuningdek, soliq imtiyozlarini tayyorlashni nazarda tutadi.

UzBev taʼkidlashicha, korxonalarni subsidiyalashning oʻzi JST qoidalari bilan taqiqlanmagan. Biroq konkret kompaniyalar yoki sohalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa u import oʻrniga mahalliy tovarlardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlsa, huquqiy baholashni talab qiladi.

Assotsiatsiya bunday yordamni koʻrsatish shartlarini, uning raqobatga va xalqaro savdoga taʼsirini oʻrganishga chaqiradi.

Alfiya Musinaning asosiy eʼtirozlaridan biri 417-sonli qarorning ochiq foydalanishda yoʻqligi boʻldi.

Keng tadbirkorlar doirasi faoliyatiga daxldor boʻlgan hujjat «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) grifiga ega va Lex.uz qonunchilik milliy bazasida eʼlon qilinmagan.

UzBev rahbarining fikricha, bu kompaniyalarga yangi talablarning oqibatlarini oldindan baholash, ishlab chiqarish rejalari va investitsion qarorlariga tuzatish kiritish imkonini bermaydi.

Assotsiatsiya Adliya vazirligidan uchta masala boʻyicha tushuntirish olishni zarur deb hisoblaydi: qarordan foydalanish qaysi asosda cheklangan, eʼlon qilinmagan normativ hujjat talablarini tadbirkorlarga nisbatan qoʻllashga yoʻl qoʻyiladimi va hukumatning ikkita — 416 va 417-sonli qarorlari qoidalari bir-biriga qanday mos keladi.

Musina prezident Shavkat Mirziyoyev davlat organlarini bir necha bor «shaffoflik»ka — ochiqlik va hisobdorlikka chaqirganini eslatdi.

Uning soʻzlariga koʻra, ushbu fonuda iqtisodiyotning butun boshli sohalari faoliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiluvchi yopiq qarorlarning qabul qilinishi savollar tugʻdiradi.

«Prezident chaqirayotgan tamoyil har bir davlat qarorining asosi boʻlishi kerak, ayniqsa u biznes, investitsiyalar, ish oʻrinlari va fuqarolar farovonligiga daxldor boʻlganda», — deb taʼkidladi assotsiatsiya rahbari.

UzBev 417-sonli qarorni eʼlon qilishga, biznes, ekspertlar va davlat organlari ishtirokida ochiq muhokama tashkil etishga, cheklovlar oqibatlarining iqtisodiy baholanishini va huquqiy ekspertizasini oʻtkazishga chaqiradi.

«Birta endi kuchga kirayotgan sohani (infant industry) himoya qilish minglab boshqa korxonalarni kuchsizlantirmasligi kerak. Barqaror oʻsish bozorni yopish bilan emas, balki oldindan aytib boʻladigan qoidalar, halol raqobat va xom ashyodan teng foydalanish imkoniyati orqali amalga oshiriladi», — deya xulosa qildi Alfiya Musina.

«Gazeta»ga maʼlum boʻlishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 iyuldagi 417-sonli qarori bilan 2027 yil 1 yanvardan boshlab yiliga 300 ming tonna miqdorida oq shakar importiga yillik kvota joriy etish nazarda tutilgan.

Hajm korxonalarning uchta toifasi oʻrtasida taqsimlanadi:

Kvotalarni elektron auktsionlar orqali taqsimlash rejalashtirilmoqda. Maxsus platformani 2026 yil 1 dekabrgacha ishga tushirish topshirilgan. Hukumat isteʼmol, zavodlarning yuklanganligi va narxlar vaziyatini hisobga olgan holda har olti oyda hajmlarni qayta koʻrib chiqishi mumkin boʻladi.

Qarorda, shuningdek, shakarning ikkita asosiy ishlab chiqaruvchisi — Angren Shakar va Xorazm Shakar`ni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan. Korxonalarga «Oʻzsanoatkurilishbank» oldidagi kreditlarni qaytarish muddatini ikki yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda besh yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash va 2031 yilgacha soliq imtiyozlarini tayyorlash nazarda tutilgan.

Oʻzbekistonda shakar ishlab chiqarish soʻnggi yillarda kamaydi. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish 165,5 ming tonnani tashkil etdi, vaholanki 2024 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 227,8 ming tonna va 2023 yilda 332,6 ming tonna boʻlgan edi.

Shu bilan birga, faoliyat yuritayotgan ikkita shakar zavodining umumiy loyihaviy quvvati yiliga 900 ming tonnadan oshadi. Ular foydalanadigan xom ashyoning salmoqli qismi import qilinadi.

2025 yil 1 oktyabrdan Oʻzbekistonda oq shakar importiga 20 foizlik aktsiz soligʻi bekor qilingan edi, biroq 20 foiz miqdoridagi bojxona boji saqlanib qoldi.

2026 yil yanvarida Alfiya Musina biznes vakillarining hukumat bilan uchrashuvida shakarning yuqori narxi masalasini koʻtarib, uni «barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning dardli nuqtasi» deb atagan edi. Oʻshanda bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev ikki-uch yil ichida ichki shakar ishlab chiqarishni oshirishga imkon beradigan ikkita yirik loyiha haqida maʼlum qilgan edi.

Oziq-ovqat sanoati korxonalari 300 ming tonnalik kvotadan ortiqcha oq shakarni import qila oladimi-yoʻqmi va qaysi shartlarda — bu masala ochiqligicha qolmoqda. Ushbu mexanizm boʻyicha hozircha rasmiy ochiq tushuntirishlar berilgani yoʻq.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.