“Bir marta xiyonat qilgan odam bu ishni yana qiladi”. 17 yillik tanaffusdan so‘ng kinoga qaytgan Ziyoda Ro‘ziqulova 4 farzandining otasi bilan ajrashgani haqida

“Bir marta xiyonat qilgan odam bu ishni yana qiladi”. 17 yillik tanaffusdan keyin kinoga qaytgan Ziyoda Ro‘ziqulova 4 farzandining otasi bilan ajrashgani haqida
Tomoshabinlarga “Jonim seni yoxud egizaklar” filmidagi roli orqali yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Ziyoda Ro‘ziqulova “Mening yurtim” telekanalining “O‘zimizning gap” dasturida mehmon bo‘lib, hayotidagi sinovlar, ijoddan uzoqlashgan yillari va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishi haqida so‘zlab berdi.
“17 yil san’atdan tashqarida bo‘ldim”
— San’atga ilk bor kirib kelganimda 12 yoshda edim. Ammo keyin, turmushga chiqqanimdan so‘ng, roppa-rosa 17 yil ijoddan uzoqda bo‘ldim. Oilali bo‘lib, ketma-ket farzandli bo‘lib, uyda o‘tirgan paytlarim televizor tomosha qilardim. Men bilan birga o‘qigan kursdoshlarimning bari ijodda, unvonlar olyapti. Rostini aytsam, ularga qarab ko‘nglimdan turli o‘ylar o‘tardi. Bu hasad yoki ko‘ra olmaslik emas, shunchaki men ham ular bilan birga o‘qiganman, oliy baholarga tamomlaganman-ku, degan tuyg‘u edi. Mening ham iste’dodim bor edi, balki men ham hozir ularning yonida yoki o‘rnida bo‘lishim mumkin edi, degan fikrlar albatta xayolimdan o‘tardi.
“Bolaligimdan oilaparvar qiz bo‘lganman”
— Bolaligimdan oilaparvar bo‘lganman. Oilam bo‘lsa, hali ko‘p farzand ko‘raman, deb niyat qilardim. Bir tomondan oilamga, bolalarimga qaraganimda o‘zimni o‘zim “Xudoga shukr, hammasi yaxshi. Sen katta yo‘qotish qilmading, aksincha, hayotingda juda muhim topilmalar bo‘ldi”, deb ovutgan yillarim ko‘p bo‘lgan.
“Tajribam bo‘lmaganida rollarim bunchalik chiqmasdi”
— Afsuslanish kerak emas, deyishadi. O‘tgan ish o‘tdi, taqdirimizda boriga ko‘nib, o‘zimizni ovutamiz. Ba’zan hayotim boshqacha kechganida nima qilardim, deb o‘ylab qolaman. Albatta, karyerani davom ettirgan bo‘lardim. Hozir-chi? Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa ham, bugun faoliyatimni to‘xtagan joyidan davom ettiryapman-ku, degan o‘y menga taskin beradi. Shunday ekan, menda hech qanday afsus yo‘q. Agar o‘sha davr va sinovlardan o‘tmaganimda, balki hozirgi rollarim, kinoga qaytishim bunchalik shov-shuvli bo‘lmasdi. Bugungi rollarimni bundan 20 yil avval ijro etganimda, ehtimol hozirgidek o‘ynay olmasdim, deb o‘ylayman. Chunki hayotiy voqealarni o‘zingizdan o‘tkazganingizdagina uni yaxshi his qila olasiz.
“Katta qizim Moskva davlat universitetida o‘qiydi”
Aktrisa to‘rt nafar — uch qiz va bir o‘g‘ilning onasi. Katta farzandi 20, kichigi 5 yoshda bo‘lgan Ziyoda Ro‘ziqulova farzandlarining ta’limiga befarq ona emas.
— Katta qizim Moskva davlat universitetining tibbiyot yo‘nalishida tahsil oladi. Qarindosh-urug‘lar orasida qiz bolani yolg‘iz chet davlatga o‘qishga yuborish masalasi ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘ldi. “Qiz bolaning chet elda o‘qishi shart emas, Toshkentda o‘qiyversa ham bo‘ladi”, degan gaplar bo‘ldi. Shundan so‘ng farzandim bilan birga men ham Moskvaga ketdim. Bir yil davomida u yerda qizim bilan birga yashadim. Begona va katta shaharda unga tayanch bo‘lishga harakat qildim. Do‘stlari, ustozlari bilan tanishib, til topishib, muhitga ko‘nikkanidan keyin qizimning o‘zi “ona, endi bo‘ldi, uka-singillarimning oldiga boring. Mendan xavotir olmang, ancha mustaqil bo‘ldim. Bemalol ketaversangiz bo‘ladi”, deganidan keyin ortga qaytdim, deydi aktrisa.
“Ba’zan baxtdan emas, g‘amlarimizni yashirish uchun ham kulamiz”
— Ba’zida kulgularimiz baxt belgisi emas, balki ayrim og‘riqlarni yashirish usuli bo‘lishi mumkin. Vaqtida xiyonatni ham, yolg‘onni ham kechirdim. Ammo kechirganim uchun ham pand yedim. Aslida buni kechirish kerak emas ekan. Chunki bir marta xiyonat qilgan odam yana xiyonat qilishi mumkin.
“Qizim ular uchun turmush o‘rtog‘im bilan birga yashashga majbur emasligimni aytgan”
— Bu vaziyatdan, shukrki, farzandlarim tushkunlikka tushib qolishmadi. Ular ham katta bo‘lib qolishgandi, ota-onasining munosabatlarini ko‘rib, tushunishardi. Turmushimizning oxirgi yillarida faqat farzandlar uchun chidab yashay boshladim. O‘sha paytlarda hatto 15-16 yoshlardagi katta qizim yonimga o‘tirib “ona, dadam bilan nima uchun birga yashayapsiz? Sizlarda sevgi-muhabbat yo‘q-ku”, dedi. Katta qizim kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. U kitoblardagi muhabbatni dadasi ikkimizning munosabatimizda ko‘rmayotganini aytdi. Shunda unga “sizlar uchun yashab kelyapman”, dedim. Bu javobimdan keyin qizim “ona, biz uchun o‘zingizni majburlab yashamang. Biz katta bo‘ldik. Men ham chet davlatida o‘qishga harakat qilib yuribman. Menga ota kerak emas, demoqchi emasman. Lekin sizlarning munosabatingizni ko‘rib, otamdan nafratlanib ketyapman. Men katta farzandman, agar shunday davom etaversa, otamizni yomon ko‘rib qolishimiz mumkin. Biz uni yaxshi ko‘ramiz, shuning uchun yaxshisi ajrasha qolinglar”, dedi.
“Ajrashish qarorini turmush o‘rtog‘imga birinchi bo‘lib o‘zim aytdim”
— Ajrashish qarorini turmush o‘rtog‘imga birinchi bo‘lib o‘zim aytdim. Buni urush-janjalsiz, tinchlik bilan tushuntirdim. Chunki doim baqir-chaqir, jahlda aytilgan “ajrashaman, ketaman” degan gaplar bir necha bor takrorlansa, oilada hurmat yo‘qolarkan. Ketib-kelaverish ham qadrni tushiradi. Shuning uchun bu qarorimni aytishda boshqacha yo‘l tutdim.
Hech narsa bo‘lmagandek, xotirjam ishdan kelishlarini kutdim. Tushlik tayyorlab, dasturxon yozdim. Ikkalamiz qarama-qarshi o‘tirganda, hatto ularning ovqatlanib bo‘lishini kutib turdim. Chunki bu gapdan keyin odamning ishtahasi bo‘g‘ilishi mumkin edi. Tushlik qilib bo‘lgach, ko‘zlariga qarab ajrashmoqchi ekanimni aytdim. Avvaliga miyig‘ida kulib, bunga ishonmadi. Shundan so‘ng gapim jiddiyligini bildirib “hattoki siz uchun choy damlab, taom tayyorlagim kelmayapti. Kiyimlaringizni ham yuvishni xohlamayman. Shunchaki sizni endi yaxshi ko‘rmayman”, dedim. Bu gapimdan keyin ovqatlanishni to‘xtatib, yuzimga qaradilar. U kishi juda yaxshi psixolog. Ko‘zlarimga boqib, menda hech qanday his-tuyg‘u qolmaganini tushundi va ortiqcha gap-so‘zsiz “xo‘p” dedi. O‘sha suhbat bizning oxirgi gaplashishimiz bo‘ldi, deydi aktrisa.

