Bir kunlik tunash 8100 dollar: Saudiya Arabistoni hashamatli poyezdni ishga tushiradi

Bir kecha tunash narxi 8100 dollar: Saudiya Arabistoni hashamatli poyezdni yo‘lga qo‘ymoqda
Saudiya Arabistoni o‘z tarixidagi ilk Dream of the Desert premium-klass poyezdini ishga tushirishga hozirlik ko‘rmoqda. Yo‘lovchilar 2027-yilning uchinchi choragidan boshlab unda safar qilishlari mumkin bo‘ladi.
Loyiha bosh menejeri va Arsenale International kompaniyasi bosh direktori Raffaele Breschi bu safarni “g‘ildiraklar ustidagi haqiqiy teatr tomoshasi” deb atagan. Uning aytishicha, poyezddagi barcha tafsilotlar sinchiklab ishlab chiqilgan bo‘lib, safar boshidan oxirigacha yagona konsepsiya asosida tashkil etiladi.
12 ta vagondan iborat tarkibda 34 ta lyuks kupe mavjud bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida 72 nafar yo‘lovchini qabul qila oladi. Yo‘lovchilarga uchta yo‘nalish taklif etiladi. Kupeda bir kecha tunash taxminan 30 000 dirhamga (taxminan 8 100 dollar) tushadi. Dastlabki reyslarda qatnashmoqchi bo‘lganlar oldindan taxminan 2 500 dirham (680 dollar) miqdorida qaytariladigan depozit to‘lab, ustuvor ro‘yxatdan joy olishlari mumkin.
Poyezd Al Qassim, Hayl, Al Jauf va Qurayyat shaharlarida to‘xtaydi.
Breschining so‘zlariga ko‘ra, bu hududlar hatto Saudiya Arabistoni aholisi orasida ham keng tanish emas. Vokzallardan 30–40 daqiqalik masofada YUNESKO obyektlari, kelajakda YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi mumkin bo‘lgan hududlar, so‘ngan vulqonlar va fermalar joylashgan.
Sayohat dasturiga Al Jaufdagi Marid qal’asi va Hayldagi Aja tog‘lari ham kiritilgan. Breschi Aja tog‘larini Al Ulaga qiyoslagan, biroq ularning muhiti boshqacha ekanini ta’kidlagan. Safarlar ikki kechadan besh kechagacha davom etadi. Besh kechalik yo‘nalish Al Ulaga tashrifni ham o‘z ichiga oladi.
Loyiha Saudi Vision 2030 strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu strategiya Saudiya Arabistonini dunyoning yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirishni maqsad qiladi.

