Bir kunda nechta muzqaymoq iste’mol qilish mumkin?

Bir kunda qancha muzqaymoq iste'mol qilish mumkin?
Yozning jazirama kunlarida ko'pchilik issiqdan qutulish uchun muzqaymoq yeyishga odatlangan. Diyetolog shifokor Tatyana Zaletova ushbu shirinlikni sevuvchilarga o'z tavsiyalarini berdi.
Muzqaymoq yuqori kaloriyali mahsulot bo'lib, uni kuniga 70-100 grammgacha iste'mol qilish tavsiya etiladi. Chunki 100 gramm qaymoqli muzqaymoqda 180 kilokaloriya, plombirda esa 230-240 kilokaloriya mavjud. Shunga qaramay, mutaxassisning fikricha, parhez tutadiganlar o'zlarini muzqaymoqdan cheklashi shart emas. Asosiysi, kundalik me'yorga e'tibor berish kifoya.
O'z vaznini doimiy nazorat qiladigan va muntazam parhezga amal qiladigan shaxslar uchun kunlik me'yor 70-100 grammni tashkil etadi. Kaloriyalarni hisoblamaydigan boshqa shirinliksevarlar bir kunda 2 ta muzqaymoq iste'mol qilishi mumkin.
Muzqaymoqlar ichida eng kam kaloriyalisi mevali muzqaymoq bo'lib, uni uyda ham tayyorlash mumkin. Buning uchun mevalarni blenderda ezib, pyure hosil qiling, so'ng massani silikon shakllarga solib, muzlatkichga bir necha soatga qo'ying.
Ammo muzqaymoq biz o'ylagandek tanaga sovuqlik beradigan va issiqlikdan xalos etadigan mahsulot emas. Aksincha, u organizmning sovishiga emas, balki qizg'in ishlashiga sabab bo'ladi. Bunday shirinlik vaqtinchalik salqinlik beradi va oshqozonga tushgandan so'ng, muzqaymoqdagi yuqori kaloriya hazm qilish tizimini jadal ishlashga va ko'proq energiya sarflashga undaydi.

