Dunyo

Bir haftalik faoliyat: Trampning yangi matbuot kotibi lavozimidan ketdi

Oq uy matbuot kotibi Keti Zaxariya tayinlanganidan qariyb bir hafta oʻtib lavozimini tark etmoqda. Uning ishdan boʻshatilganini 16-oktabr kuni AQSH maʼmuriyatidagi yuqori martabali mansabdor tasdiqladi. Yangi matbuot kotibi kim boʻlishi hozircha maʼlum emas.

Bir haftalik faoliyatdan soʻng Trampning yangi matbuot kotibi lavozimini tark etdi. DW xabariga koʻra, Zaxariyaning ketishi haqida avval The New York Times va CNN maʼlum qilgan. U ham 17-oktabrga oʻtar kechasi X ijtimoiy tarmogʻidagi postida buni bilvosita tasdiqlagan.

Zaxariya Donald Tramp haqida iliq fikrlar bildirib, «Uning qoʻl ostida ishlash men uchun sharaf edi», deb yozgan.

Tramp esa jurnalistlarga Zaxariyaga bu ish unga mos kelishi-kelmasligi haqida oʻylab koʻrishni taklif qilganini aytgan. Prezidentning soʻzlariga koʻra, OAV unga yomon va adolatsiz munosabatda boʻlgan, Zaxariya esa soʻnggi kunlarda koʻp qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Tramp uning baxtli boʻlishini istashini va yaqin kunlarda u bilan suhbatlashish niyatida ekanini bildirgan.

Zaxariyaning tayinlangani 9-oktabr kuni eʼlon qilingan edi. Ammo u ilk ish kunidayoq matbuot anjumanidagi ishonchsiz chiqishi va nutqidagi adashishlari bilan diqqat markaziga tushgan. U ayrim savollarga javob bera olmagan va brifingni belgilangan vaqtdan ancha oldin yakunlagan.

Shuningdek, uning kasbiy malakasi borasida ham savollar tugʻilgan. Xabarlarga koʻra, Zaxariya 2011-yilda Pepperdine University yuridik maktabini tamomlaganidan keyin advokatlik imtihonidan oʻta olmagan. Shunga qaramay, u avval oʻzini bir necha bor yurist deb atagan, Tramp esa uni advokat sifatida tanishtirgan.

CBS News maʼlumotiga koʻra, Zaxariya oʻtgan haftani odatdagidan ancha yakkalangan holda oʻtkazgan va matbuot kotibiga xos faoliyat olib bormagan. Politico esa Tramp boshqalar bilan suhbatlarda uning qobiliyati va kamera qarshisida oʻzini tutishi haqida tanqidiy fikrlar bildirganini yozgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.