Iqtisodiyot

Bir farzand uchun maktab formasi va o‘quv qurollariga qancha sarflanyapti?

**Bir farzandni maktabga tayyorlash qancha turadi?**

Yangi o‘quv yili boshlanishiga oz qolgan bir paytda, poytaxt bozorlarida maktabga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ota-onalar bir farzandini maktabga tayyorlash uchun o‘rtacha qancha mablag‘ sarflayotgani va maktab uchun zarur mahsulotlarning narxlari qanday ekanligi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

“Daryo” jurnalisti Chorsudagi maktab yarmarkasi va Chilonzor buyum bozorlaridagi vaziyatni o‘rganib chiqdi.

**"Bitta bolaga 600 ming, 1 million so‘m ketyapti"**

Chorsu bozoridagi maktab yarmarkasida xaridorlar soni sezilarli darajada ko‘p. Ba’zi ota-onalar xaridlarini bir necha kun oldin boshlagan bo‘lsa, boshqalari o‘quv yili yaqinlashganda bozorga chiqmoqda. Ota-onalarning sarflagan mablag‘i va hisob-kitoblari turlicha.

Bir xaridorning so‘zlariga ko‘ra, "Bitta bolaga hozir taxminan 1-1,5 million so‘m ketyapti". Uch nafar farzandi maktabga boradigan boshqa bir ota-ona esa umumiy xarajat 6 million so‘m atrofida bo‘lishini ta’kidladi. Bu summaga faqat maktab formasi emas, balki sumka, oyoq kiyimi, daftar va boshqa o‘quv qurollari ham kiradi. Ayrim ota-onalar esa o‘tgan o‘quv yilidan qolgan kiyim va o‘quv qurollaridan foydalanib, xarajatlarni kamaytirishga harakat qilmoqda.

**"600 ming mo‘ljallab chiqdim. Narx-navolar yaxshi ekan, yetsa kerak"**

Sotuvchilarning aytishicha, ayniqsa so‘nggi kunlarda o‘quv qurollariga talab oshgan. Mahsulotlarning narxi turi va sifatiga qarab farq qiladi. Eng zarur o‘quv qurollarini yig‘ish uchun kamida 200–300 ming so‘m kerak bo‘ladi. Biroq, har bir mahsulotning qimmatroq variantlari tanlansa, bu summa sezilarli darajada oshadi.

"Bozorda narxlar ancha yaxshi. Har xil narxdagi kiyimlarni topish mumkin. Hamyoniga qarab xarid qilaveradi. Xaridorlar ham mamnun", deydi sotuvchilardan biri.

Maktab formasi xarajatlarning asosiy qismini tashkil etadi. Chorsu bozorida o‘g‘il bolalar uchun ko‘ylaklar 80–170 ming so‘mdan, klassik shimlar esa 100–220 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda.

"Ko‘ylak 80 ming so‘mdan boshlanadi. Yaxshiroq matodan bo‘lsa 120–150 ming, ayrimlari 170 ming so‘mgacha chiqadi. Shimlar ham 100 ming so‘mdan boshlanib, 200–220 ming so‘mgacha boradi", deydi sotuvchilardan biri.

Boshqa bir sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, qiz bolalar yubkasi 75 ming so‘mdan, kofta narxlari esa 65 ming so‘mdan boshlanadi. Maktab uchun oyoq kiyimlari 180 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha, sifatliroqlari esa 200–240 ming so‘m atrofida narxlanmoqda.

Ayrim sotuvchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, bir nafar o‘quvchini boshdan-oyoq maktabga kiyintirish uchun 1,5 million so‘mgacha mablag‘ ketishi mumkin.

Chilonzor buyum bozorida ham maktab formasi narxlari mahsulotning sifati va turiga qarab farqlanadi. Bu yerda forma uchun xarajat 600 ming so‘mdan boshlanib, xaridor tanloviga qarab oshib boradi.

**"Oldingiga nisbatan bu yil qimmatroq"**

Ota-onalarning narxlar haqidagi fikri turlicha. Ayrimlar xarajatlarni avvaldan rejalashtirgan bo‘lsa, boshqalar bozorga kelgach, mahsulotlar narxi kutilganidan yuqoriroq ekanini aytmoqda.

"Oldingiga nisbatan bu yil narxlar qimmatroq", deydi xaridorlardan biri.

**Bozorda o‘quv qurollari narxlari:**

* 12 varaqli daftar — 300–1000 so‘m;

* 36 varaqli daftar — 1500 so‘m;

* 48 varaqli daftar — 2000 so‘m;

* ruchka — 500–3000 so‘m;

* rangli qalam — 15–35 ming so‘m;

* bo‘yoq — 10–18 ming so‘m;

* o‘chirg‘ich — 3000 so‘m;

* sirkul — 15–35 ming so‘m;

* qalamdon — 10–35 ming so‘m;

* rasm daftari — 10–15 ming so‘m;

* kundalik — 10–20 ming so‘m.

**Maktab sumkalari:**

* Maktab sumkasi — 100–200 ming so‘mdan boshlab 350–500 ming so‘mgacha yetadi.

**Maktab formasi:**

* O‘g‘il bolalar ko‘ylagi — 80–170 ming so‘m;

* O‘g‘il bolalar shimlari — 100–220 ming so‘m;

* Qizlar yubkasi — 75 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha;

* Qizlar koftasi — 65 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha;

* Oyoq kiyim — 180–250 ming so‘m.

**Umumiy hisobda:**

* Asosiy o‘quv qurollari — 200–400 ming so‘m

* Maktab formasi — 600 ming so‘mdan boshlanadi

* To‘liq tayyorgarlik — 1–3 million so‘m va undan ko‘proq.

Narxlar mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi va xaridor tanloviga qarab farq qilishi mumkin.

Maktabga tayyorgarlik ota-onalardan nafaqat vaqt, balki ancha mablag‘ ham talab qiladi. Yarmarkalarning asosiy maqsadi esa zarur mahsulotlarni bir joyda, qulay narxlarda xarid qilish imkonini yaratishdan iborat. Shu o‘rinda Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni maktab bozorlarida narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi. Sun’iy oshirilgan narxlarga duch kelgan xaridorlar 1159 raqamiga murojaat qilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.