Boshqa

«Bilmagan edim» deyish javobgarlikdan ozod qilmaydi

Qorako‘lda 20 yoshli fuqaroning telefonidan diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar topildi, sud unga 2 million 60

«Bilmagan edim» degan gap javobgarlikdan ozod etmaydi

Qorako‘lda bir fuqaroning telefonidan diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani ortidan unga nisbatan ma’muriy ish ochildi. Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga 2 million 60 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Qorako‘l tumani IIB TQB TQKG mas’ul xodimi «Xabar.uz»ga bildirganidek, kelib tushgan murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir chog‘ida tumanning «Mirzaqal’a» mahallasida yashovchi 20 yoshli fuqaro O.S.ning qo‘l telefonida shubhali fayllar borligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu materiallar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertizasiga yuborilgan.

Ekspertiza xulosasida fayllar diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibiga doir qonunchilik talablariga zid ravishda, tegishli ruxsatsiz saqlab kelingani qayd etilgan.

Huquqbuzarlikka aloqador ashyoviy dalil sifatida iPhone 14 Pro smartfoni davlat foydasiga musodara qilish uchun olib qo‘yildi.

Sud majlisida fuqaro O.S. qilmishidan chin dildan pushaymon ekanini aytib, bunday ma’lumotlarni saqlash taqiqlanganini bilmaganini bildirgan, aybiga iqror bo‘lib, yengillik so‘ragan.

Sud taqdim etilgan bayonnomalar, ekspert xulosalari va dalillarni batafsil ko‘rib chiqdi. Huquqbuzarning yoshligi, ilgari bunday ishga qo‘l urmagani hamda oilaviy sharoiti inobatga olindi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184²-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) qo‘llanildi.

Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, ma’muriy jarima qonunda belgilangan eng kam miqdordan ham pastroq, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2 million 60 ming so‘m etib belgilandi.

— «Bilmagan edim» degan vaj hech kimni javobgarlikdan qutqarmaydi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda turli audio, video fayllarni yuborish, qabul qilish yoki telefon xotirasiga yuklab olish oddiy holga aylandi. Biroq har qanday ma’lumotni tekshirmasdan ko‘chirib olish va saqlash og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, diniy mazmundagi materiallarga nisbatan qonunchilik talablarini bilish, ularning qonuniyligiga e’tibor berish va ruxsat talab etiladigan holatlarga beparvo bo‘lmaslik juda muhim», — dedi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tergov sudyasi Dilmurod Qulliyev.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.