Bill Geytsning qizi 20 yilgacha qamalishi mumkin

Bill Geytsning qizi 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin
Amerikalik milliarder Bill Geytsning qizi Fibi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi ehtimoli bor. Bu haqda intellektual mulk bo‘yicha amerikalik huquqshunos Ariel Givner ma’lum qildi.
23 yoshli Fibi Sofiya Kian bilan birgalikda o‘zining Phia kompaniyasini boshqaradi. Kompaniya xaridlardan komissiya olish maqsadida soxta cookie fayllardan foydalanganlikda ayblanmoqda, Fibi va Kian bu holatdan xabardor bo‘lgani aytilmoqda.
Givnerning izohiga ko‘ra, "Odatda, Amerika sudlari buni federal darajadagi tarmoq firibgarligi sifatida baholaydi. 20 yilgacha qamoq jazosi, shuningdek, jarimalar va restitutsiyadan iborat maksimal jazo qo‘llanishi istisno emas".
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Fibi Geyts va Sofiya Kian kamida yetti oy davomida soxta cookie fayllardan foydalanilganini bilgan.
Phia foydali takliflarni topishga mo‘ljallangan raqamli xizmatdir. Foydalanuvchi ilova orqali sotuvchining saytiga o‘tib, xarid qilsa, servis buning uchun ma’lum miqdorda komissiya oladi.
Biroq ilova foydalanuvchiga bildirmasdan, u platformaga qanday kirganidan qat’i nazar, oʻz ma’lumotlarini har bir xaridga bogʻlab qoʻyavergan. Natijada Phia asoschilari oʻz ilovasi orqali amalga oshirilmagan bitimlar uchun ham asossiz ravishda komissiya olib kelgan.
Phia buni dasturiy xatolik deb atagan va muammo haqida jurnalistlar kompaniyaga murojaat qilgan kunigina xabar topganini bildirgan.
"Bu holat startap rahbarlari muammodan kamida dekabr oyidan beri xabardor bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarga zid keladi", deyiladi Bloomberg maqolasida.
Xatolik bartaraf etilgach, kompaniyaning o‘rtacha kunlik daromadi 80 ming dollardan 10–28 ming dollargacha tushib ketgan. Phia xodimlarining ichki yozishmalariga ko‘ra, iyun oyida kompaniya noqonuniy ravishda komissiya olgan tovarlar ulushi 51 foizni tashkil etgan.
"Yanvar oyida bir nechta taniqli investorlardan 35 million dollar venchur sarmoya jalb qilgan Phia kompaniyasi allaqachon chakana sotuvchilarga komissiyalarning bir qismini qaytarishni boshlagan", deyiladi xabarda.
Cookie fayllar sayt foydalanuvchisini identifikatsiya qilish hamda uning veb portal sahifalaridagi faoliyatini kuzatishga mo‘ljallangan fayllardir.

