Mahalliy

Bilim va malakalarni baholash agentligi vakolatlari va xodimlariga ustamalar tartibi belgilandi

Bilim va malakalarni baholash agentligi vakolatlari hamda xodimlariga ustama to‘lash tartibi belgilandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, vakolatlari hamda xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilab berildi. Tegishli nizom Vazirlar Mahkamasining 17-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.

Yangi nizomga muvofiq, agentlik ta’lim va malakalarni baholashga oid test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish, nazorat materiallarini ishlab chiqish, test natijalarini hisoblash hamda tahlil qilish kabi vazifalarni bajaradi. Shuningdek, malaka va bilimlarni baholash tizimlarini takomillashtirish ham agentlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Agentlik test sinovlari sifatini nazorat qilish, topshiriqlarni muntazam yangilab borish va ularning natijadorligini tahlil qilish bo‘yicha ham vakolatlarga ega bo‘ladi.

Hujjatda agentlikning xalqaro hamkorlik va baholash sohasidagi faoliyati ham belgilangan. U xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi, xalqaro tajribani o‘rganishi hamda baholash tizimlariga ilg‘or yondashuvlarni joriy etishi mumkin.

Shuningdek, agentlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarining vazifalari alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Hududiy bo‘linmalar markaz tomonidan belgilangan vazifalarni joylarda amalga oshirishi, baholash jarayonlarini tashkil etishi va tegishli ma’lumotlarni shakllantirishi lozim.

Qarorda agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning yangi tartibi ham belgilangan. 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lash nazarda tutilgan. Ustama miqdori 0,3 dan 1,5 gacha koeffitsiyent asosida belgilanadi.

Jumladan, 1–3 yil stajga ega xodimlarga 0,3 koeffitsiyent, 3–5 yilga 0,6, 5–10 yilga 0,8, 10–15 yilga 1,0, 15–20 yilga 1,2 hamda 20 yildan ortiq stajga ega xodimlarga 1,5 koeffitsiyent miqdorida ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, hujjatda xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va ayrim holatlarda moddiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tartiblar ham nazarda tutilgan.

Yangi nizom agentlik faoliyatini tashkil etish, uning vakolatlarini aniq belgilash, baholash jarayonlarini takomillashtirish hamda xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini yagona tartibga solishga qaratilgan.

Hukumatning 29-iyuldagi qarori bilan “Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangandi.

Qarorga ko‘ra, 2026/27-o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, sertifikatning amal qilish muddati davomida, tegishli ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.

Nizomga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgordan ro‘yxatdan o‘tishda, ariza berilgan kundagi BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Malaka imtihoni natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.