Mahalliy

Bilim va malaka — taraqqiyotning asosiy kapitali

O‘zbekistonda ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqish, bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirish

**Bilim va malaka — taraqqiyotning asosiy kapitali**

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan ta’lim tizimiga, ayniqsa yoshlarning zamonaviy bilimlarini oshirish, intellektual salohiyatini boyitish, ularning zamon bilan hamnafas, yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun qaratilayotgan e’tibor yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan 7 ta milliy dasturni ilgari surdi.

Ularning dastlabki va strategik yo‘nalishlaridan biri — bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdir. Zero, zamonaviy dunyoda raqobat nafaqat tabiiy boyliklar yoki moliyaviy resurslar, balki bilimli, malakali, yangilikka intiluvchan va yuksak salohiyatli insonlar uchun ham kechmoqda.

Shu jihatdan, ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, har bir bolaga munosib ta’lim olish imkonini yaratish, o‘qituvchi va pedagoglarning maqomi hamda kasbiy salohiyatini yuksaltirish — mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biridir.

Ayniqsa, Davlatimiz rahbari boshchiligida so‘nggi o‘n yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilgan transformatsiya sohani butunlay yangi qiyofa va yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Natijada maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2016-yilda 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 78 foizga yetdi.

Shu bilan birga, joriy yil davomida 811 ming nafardan ortiq 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlovga jalb etish orqali qamrov ko‘rsatkichini 99,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrovini oshirishda yana bir katta ahamiyat kasb etayotgan «Aqlvoy» loyihasi doirasida olis va chekka hududlargacha ushbu ta’lim turi yetib borayotgani yurtdoshlarimizga katta manzur bo‘layotgani ham sir emas.

Hozirga qadar mamlakatimizdagi shu kabi olis hududlarda joylashgan 216 ta mahallada 648 ta ko‘chma mobil guruhlari tashkil etildi hamda 10 ming nafardan ortiq bola maktabgacha ta’limga qamrab olindi.

Maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagoglar soni va ularning malaka darajasi ham yildan yilga oshib bormoqda. Masalan, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi jami pedagoglar soni 58,4 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 179,5 ming nafarga yetdi.

Faqatgina 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 118 ta DXSh asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi hisobiga 13 779 ta, 1 100 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 42 790 ta, jami 56 569 ta yangi bola o‘rni yaratildi.

Ta’lim jarayonlarini izchil davom ettirish hamda o‘quvchilarga munosib shart-sharoit yaratishda ta’lim sohasi infratuzilmasini doimiy rivojlantirib borish zarur, bu boradagi ishlar ham davlatimiz tomonidan muntazam amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024-2025 yillarda jami 1 379 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi va buning natijasida umumta’lim maktablarida jami 400,7 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi, ushbu ishlarga qariyb 6,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Joriy yilda ham barcha dasturlar doirasida 768 ta maktabda qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur maqsadlar uchun budjetdan 5,9 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk va bilimli shaxslar etib tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini xalqaro minbarlarga olib chiqish bugun har qachongidan ham muhim va dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidlashni istardim.

Bu borada O‘zbekistonda fan olimpiadalariga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilgan shaffof tizim katta yutuqlarimizga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, mamlakatimiz yoshlarining joriy yilda 5 ta nufuzli xalqaro olimpiadada 20 ta — 1 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza medalni qo‘lga kiritganini aytishning o‘zi kifoya.

2026 yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz tomonidan 28 ta nufuzli xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda jami 228 ta — 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.

Bu natijalar mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tizimli tayyorlash, g‘olib o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini munosib rag‘batlantirish sharoitlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi izchil va uzluksiz islohotlarning bosh maqsadi maktablarimizda ta’lim sifatini oshirish hamda farzandlarimizning yuqori bilim va malakaga ega bo‘lishidir.

Shu maqsadda vazirlik tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga xorijiy tillarni o‘qitish uchun 2023-2026-o‘quv yillari davomida umumiy hisobda 2200 nafarga yaqin xorijiy mutaxassis jalb qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoniga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yili davomida umumta’lim muassasalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar sonini 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Maktablarda chet tili fanini o‘qitish sifatini yanada yaxshilash maqsadida Toshkent shahrida joriy etilgan «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi ham bugun o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

2025-2026 o‘quv yili davomida mazkur loyiha doirasida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida xorijiy til bilish ko‘nikmalari bo‘yicha baholash jarayonlari tashkil etildi va unda 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi B1 va undan yuqori natijalarni qayd etdi.

Shu o‘rinda ta’lim tizimining yana bir muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatiga to‘xtalib o‘tishni istardim.

2019-yilda tashkil etilgan mazkur tizimda dastlab 16 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 15 baravarga oshib, 249 taga yetdi.

Ayni paytda mazkur maktablarda 88 mingga yaqin o‘quvchiga 9 mingdan ziyod pedagog tomonidan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida ta’lim-tarbiya berilmoqda. Shuningdek, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda STEM fanlarini bosqichma-bosqich ingliz tilida o‘qitish amaliyoti kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi yo‘lga qo‘yilib, dastur doirasida 3 000 nafar o‘quvchi maxsus tayyorgarlikka jalb etilgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘quvchilarning xalqaro maydondagi yutuqlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yil davomida Agentlik tizimi o‘quvchilari nufuzli xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 127 ta — 24 ta oltin, 46 ta kumush va 57 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

2025-2026 o‘quv yilida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 34 nafar 11-sinf o‘quvchisi dunyoning TOP-300 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga 100 foizlik grant asosida muddatidan oldin qabul qilindi.

Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov Massachusetts Institute of Technology — MIT universitetiga, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Dilafro‘z Sobirova esa Garvard universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.

Umuman olganda, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida olib borilayotgan keng va hayotiy islohotlar bugun tom ma’noda o‘z samarasini ko‘rsatayotganini aytsam, adashmagan bo‘laman.

Davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va unda muhim dasturlardan biri sifatida belgilangan bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish — chinakam ma’noda bugun katta va ezgu maqsadimizga aylanib borayotgani bor gap.

Bu hayotiy tashabbuslar esa har bir yurtdoshimiz hayoti va turmush tarzining o‘zgarishi, yoshlarimizning kelajakda munosib barkamol avlod bo‘lib kamol topishida muhim asos bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.