Siyosat

Bernar Arno o‘ziga qarashli fransuz OAVlarni qanday qilib jilovda ushlab turadi? Le Monde surishtiruvi

LVMH konglomerati egasi Bernar Arno Fransiyadagi ayrim OAVni sotib olishni 1990-yillardayoq boshlagan. Matbuot yordamida u yanada ko‘proq davlat orttirishga, LVMH`ni surishtiruvlardan himoyalashga, raqobatchilarini obro‘sizlantirishga va siyosatga ta’sir o‘tkazishga urinadi, deb yozmoqda Le Monde o‘z surishtiruvida.

Bernar Arnoning fransuz OAVlarini qanday boshqarishi: Le Monde surishtiruvi

LVMH konglomerati egasi Bernar Arno, Louis Vuitton, Christian Dior, Bulgari va Hennessy kabi hashamatli brendlarni o‘z ichiga olgan holda, nafaqat Fransiyaning, balki dunyoning eng boy va nufuzli shaxslaridan biridir. Milliarderning ta’sir doirasi moda sanoati bilan cheklanmaydi; u o‘nlab yillar davomida Fransiya ommaviy axborot vositalariga ham ta’sir o‘tkazib keladi. Aytishlaricha, u ayrim nashrlarni sotib olib, ularning tahririyat siyosatini belgilaydi, jurnalistlarga o‘z qoidalarini ochiqchasiga o‘tkazadi, o‘ziga yoqmagan boshqa gazeta va jurnallarni esa LVMH reklamalaridan keladigan ulkan daromaddan mahrum qiladi. "Qo‘l ostidagi matbuot yordamida u yanada ko‘proq boylik orttirishga, LVMH'ni yoqimsiz surishtiruvlardan himoya qilishga va Fransiyadagi siyosatga ta’sir o‘tkazishga urinadi."

Arno ta’siridan xoli bo‘lgan Le Monde nashri iyul oyida uning faoliyati yuzasidan keng ko‘lamli surishtiruv o‘tkazib, olti qismdan iborat turkum materiallarni e’lon qildi. Surishtiruv Arnoning siyosiy ta’sir doirasi, soliq imtiyozlari, oilaviy nizolar va matbuotga bosim kabi mavzularni qamrab olgan. Gazeta surishtiruvning milliarderning Fransiya ommaviy axborot vositalari bilan munosabatlariga bag‘ishlangan qismidan eng muhim jihatlarni keltiradi.

Bernar Arno ommaviy axborot vositalarini sotib olishni 1990-yillarda boshlagan. Le Monde nashrining yozishicha, u o‘sha vaqtlarda ham mediaga faqatgina biznesni yoki o‘zining shaxsiy didi va qarashlarini ilgari surish vositasi sifatida qaragan. Aslini olganda, u media sohasini yaxshi tushunmaydi. Qolaversa, pulini to‘layotgan ekan, o‘ziga tegishli OAVlar uning konservativ va o‘ng qanotga oid qarashlarini aks ettirishini kutishga haqli ekaniga ishonadi.

Masalan, klassik musiqa ishqibozi bo‘lgan Arno boshqa janrlardagi musiqalarni tinglashdan ma’no yo‘q deb hisoblaydi. Shu sababli u 30 ga yaqin bastakorning (Shopen, Bethoven va Arnoning rafiqasi — pianinochi Elen Merse shular jumlasidan) ro‘yxatini tuzib, o‘z qo‘li ostidagi Radio Classique radiostansiyasi efir jadvalini tuzuvchilarga yuborgan. Ushbu radiostansiyada, shuningdek, Frank Ferranning tarixiy hikoyalari ham efirga uzatib turiladi. Ayni paytda tinglovchilar bu hikoyalarni radiostansiya egasi bilan bir vaqtda — u ertalab ishga ketayotganida (soat 9:00 da) va tushlikdan qaytayotganida (soat 14:00 da) tinglaydi.

2021-yilda — Fransiyadagi prezidentlik saylovlariga bir yil qolganda Radio Classique har kuni ertalab siyosiy intervyularni efirga uzatgan. Biroq konservativ va o‘ng qarashlarga ega bo‘lgan Arno qo‘ygan talabga ko‘ra, intervyularga o‘ta badavlat kishilar uchun soliq stavkalarini oshirish tarafdori bo‘lgan so‘l qarashli mehmonlarni taklif qilmaslik kerak edi. Radiostansiya xodimlari plyuralizm qoidalari nuqtai nazaridan bu qonunan mumkin emasligini tushuntirganida, Arno siyosiy eshittirishni shunchaki to‘xtatib qo‘ydi.

Dushanba kunlari Arno o‘z nazorati ostidagi nashrlar bosh muharrirlarini qabul qilib, ular bilan o‘tgan hafta davomida chop etilgan, o‘ziga ma’qul kelmagan barcha materiallarni tahlil qiladi. "Atrofimiz tamomila minalangan hudud, do‘zaxning o‘zginasi," — deydi Arno tasarrufidagi OAV bosh muharrirlaridan biri Le Monde nashriga bergan intervyusida.

LVMH nazoratidagi nashrlar tahririyatiga nafaqat konglomerat egasining shaxsan o‘zi, balki uning qarindoshlari va yaqinlari ham bosim o‘tkazadi. Ular bosh muharrirlarga ko‘rsatmalar beradi, xodimlarni ishga yollashda qatnashadi va LVMH uchun foydali maqolalar chop etilishini qat’iy talab qiladi. Masalan, LVMH’da kommunikatsiyalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li Antuan Arno nashrga tayyorlanayotgan aksariyat materiallarni e’lon qilinishidan avval o‘qib chiqadi.

Soliq mavzusi, aftidan, dunyoning eng badavlat kishilaridan biri uchun eng og‘riqli mavzu. Bir paytlar iqtisodiy liberalizm g‘oyalarini targ‘ib qilgan Les Echos biznes gazetasida har kuni biznesga soliq yukini haddan tashqari oshirishning xavfi hamda bozor iqtisodiyotiga cheklovlar qo‘yib bo‘lmasligi haqida mulohaza yurituvchi mualliflarning kolonkanlari e’lon qilinadi. Arno 2007-yilda Les Echos biznes nashrini sotib olishidan avval gazetaning tahririyat yo‘nalishi iqtisodiy jihatdan liberal edi. U Les Echosʼni Financial Timesʼning fransuzcha talqiniga aylantirishi mumkin edi.

Biroq u bundan do‘stlarini himoyalash, raqobatchilariga qarshi turish va o‘z g‘oyalarini ilgari surish maqsadida foydalanadi. Darhaqiqat, Les Echos jurnalistlari nafaqat Arnoning siyosiy qarashlari bilan, balki LVMH manfaatlari bilan ham hisoblashishlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu nashr sahifalarida LVMH raqobatchilari bo‘lgan kompaniyalar deyarli tilga olinmaydi.

Masalan, Kering rahbari Fransua-Anri Pino o‘z konglomeratiga LVMH ishga olmoqchi bo‘lgan Luka de Meoni boshqaruvchi etib tayinladi. Natijada fransuz moda biznesida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu tayinlov bir necha hafta davomida Les Echos nashri e’tiboridan chetda qoldi. Qolaversa, LVMH rahbariyati talabi bilan de Meoning tayinlangani to‘g‘risidagi maqolaning beshinchi qatoridayoq Keringʼning barcha qiyinchiliklari — sotuvlar pasayishi va birjadagi kotirovkalarning tushishi aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tildi.

Arnoning nafratiga duchor bo‘lgan yana bir raqobatchisi Hermès bo‘lib, u moda sanoatida to‘liqligicha asoschi oila qo‘lida qolgan sanoqli yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. LVMH va Hermès o‘rtasida matbuotda bir-biriga "hujum qilmaslik" haqida yozilmagan kelishuv bor va Arno bunga rioya qiladi: Les Echos Hermès haqida shunchaki hech narsa yozmaydi. Agar biror xabarni e’lon qilmaslikning iloji bo‘lmasa, u qidiruv natijalariga tushib qolmasligi uchun saytdan zudlik bilan olib tashlanadi.

Faqat bu "yaxshi" ma’nodagi yangiliklarga taalluqli. Lekin Hermès faoliyatida biror noxush holat yuz bergudek bo‘lsa, Arnoga tegishli nashrlar uning raqobatchisi haqidagi eng xunuk materiallarni jon deb chop etadi. Le Monde nashrining LVMH va Paris Match jurnalidagi (Arno 2024-yilda sotib olgan, mashhurlar hamda ommabop madaniyatga bag‘ishlangan xaftalik nashr) manbalariga ko‘ra, konglomeratning kommunikatsiyalar bo‘limi Paris Match tahririyatiga Hermès bosh direktori Aksel Dyumaning Jeffri Epshteyn bilan birga tushgan kichik bir suratini taqdim qilgan. Suratning LVMH qo‘liga qanday tushib qolganiga aniqlik kiritilmagan.

Arno Fransiya poytaxtining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga bag‘ishlangan Le Parisien gazetasini 2015-yilda, o‘zining aytishi bo‘yicha, "nomida „Parij“ so‘zi borligi" uchun sotib olgan. Aslini olganda esa LVMH shahardagi ko‘chmas mulk va tijorat sohasidan manfaatdor. Le Parisien nashri ham, Arno 2025-yilda sotib olgan Challenges iqtisodiy jurnali ham o‘zlariga tahririyat mustaqilligini kafolatlovchi hujjatlarni ishlab chiqishga uringan. Le Monde nashrining yozishicha, bu urinishlar "samarasiz kechgan".

Bernar Arno uchun Fransiyaning asosiy konservativ gazetasi — Le Figaroʼni ham sotib olish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi, hatto 1990-yillarda u bu haqda orzu ham qilgan. Lekin bunga hojat qolmadi: LVMH shunchaki ushbu nashrning eng yirik reklama beruvchilaridan biriga aylandi.

Arno faoliyatini surishtiradigan va u haqda tanqidiy maqolalar chop etadigan OAVlarni esa milliarder shunchaki daromadining katta qismidan mahrum qiladi. 1989-yilda hozirda nashrdan chiqqan LʼExpansion biznes jurnali "Arno niqobini yechmoqda" nomli surishtiruvni hamda Arno portreti ostidan bo‘rining tumshug‘i mo‘ralab turgan muqovani chop etadi. Bunga javoban LVMH jurnalga egalik qiluvchi mediaholdingdagi barcha reklamasini qaytarib oladi, so‘ngra LVMH ichidan kim LʼExpansion jurnalistlariga ma’lumot sizdirganini aniqlash uchun sobiq politsiyachilarni yollaydi.

LʼExpansion bilan bog‘liq voqea Arno jurnalistik surishtiruvlarga qanchalik yondashishining yagona misoli emas.

2016-yilda jurnalist, jamoat faoli va so‘lchi siyosatchi Fransua Ryuffen xodimlar bilan noaxloqiy munosabati uchun LVMH’ni tanqid qiluvchi "Rahmat, xo‘jayin!" ("Merci Patron!") nomli satirik hujjatli filmni suratga oldi. Oradan uch yil o‘tgach, LVMH rahbariyati o‘sha paytda parlamentga nomzodini qo‘yishga tayyorlanayotgan Ryuffen tomonidan chiqarilgan Fakir gazetasi tahririyatini kuzatish uchun xususiy agent yollagani ma’lum bo‘ldi.

Konglomeratga agentni 2012-yilda Fransiya kontrrazvedkasining sobiq rahbari Bernar Skvarchini tomonidan asos solingan konsalting kompaniyasi topib bergan edi. Fakir ortidan kuzatuv olib borish ishi bo‘yicha Skvarchiniga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov uning LVMH buyurtmasiga binoan harakat qilganini isbotladi, biroq LVMH 10 million yevro jarima to‘lagach, ish jamoatchilik manfaatlari yo‘lidagi sud kelishuvining imzolanishi bilan yakunlandi. Arno va LVMH’ning bir necha sobiq top menejeri sudga guvoh sifatida chaqirildi. Skvarchini esa to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bernar Arnoning media vakillari bilan munosabatlari tarixida Le Monde uning Bolloré Group oilaviy imperiyasi rahbari va Fransiyaning eng nufuzli mediamagnatlaridan biri Vensan Bollore bilan do‘stligini alohida ta’kidlaydi. Tanqidchilar ko‘pincha Fransiya ommaviy axborot vositalarida o‘ng qanot ta’sirining kuchayishini Bollore nomi bilan bog‘laydi.

Arno va Bollore uzoq vaqtdan beri tanish bo‘lsa-da, 2020-yilda LVMH rahbari yirik Lagardère mediaguruhiga 80 million yevro sarmoya kiritib, so‘ng o‘z aksiyalarini Bollorega sotgach, yanada yaqinlashdi. Bu aksiyalar uchun Arno qariyb 190 million yevro oldi, Bollore esa mediaholdingning bir qismi, jumladan, unga kiruvchi Paris Match jurnali ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.

2023-yilning bahorida Les Echos nashrida Erik Orsenning "Histoire d’un ogre" kitobiga taqriz chop etildi. Unda muallif Vensan Bolloreni "demokratiya uchun xavfli" deb atagan edi. Bollore esa o‘sha paytda undan Paris Match jurnalini sotib olishga hozirlanayotgan Arnoga shikoyat qildi. Arno ishbilarmon sherigi bilan munosabatlarni buzishni istamadi va Les Echos bosh muharriri Nikol Barreni ishdan bo‘shatdi. Bu voqea Fransiya va uning tashqarisida katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tibgina tahririyat yangi bosh muharrirni — avval Le Mondeʼda ishlagan Kristof Jakubishinni tasdiqlay oldi.

Bu hodisa Arno va Bolloreni yanada yaqinlashtirdi. 2024-yilning kuzida Paris Match to‘laligicha Arno mulkiga o‘tdi va ko‘p jihatdan LVMH brendlarini ilgari surish uchun maydonga aylandi.

26-iyul kuni Le Mondeʼning "Lʼempire Bernard Arnault" ("Bernar Arno imperiyasi") turkum materiallariga javoban Bernar Arno LVMH matbuot xizmatining X (Twitter) tarmog‘idagi sahifasida "Merci" ("Rahmat") sarlavhasi ostida ochiq xat e’lon qildi.

Arno ochiq xatida Le Monde qalamga olgan mavzularga birma-bir to‘xtalib, OAVga ta’sir o‘tkazish masalasida, jumladan, nashrning hissadorlari safida bo‘lgan kuyovi — Xaviyer Niyelni eslatib o‘tadi. U bu orqali fransuz OAV mustaqilligi aslida qanday o‘lchovlarga qarab baholanadi, degan kinoyali savolni ko‘taradi.

Lekin bu o‘rinda Arno bir jihatni atayin e’tiborsiz qoldiradi: Le Mondeʼda aksiyadorlar bilan tahririyat o‘rtasida institutsional to‘siq mavjud. Sodda tilda aytganda, nashr egalari tahririyat ishini belgilab bermaydi hamda nashr yoritadigan mavzular, materiallar mazmuniga ta’sir o‘tkazolmaydi. Arno nazorati ostidagi nashrlarda esa, aksincha, tahririyat uchun bunday himoya mexanizmi deyarli mavjud emas.

Yana bir e’tiborli jihati shundan iboratki, agar Niyel haqiqatda Le Mondeʼga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘lganida, bu surishtiruv, ehtimol, umuman chiqmagan bo‘lardi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.