Berlinni ilk bor migrant oilasidan chiqqan ayol boshqarishi mumkin

Berlinni ilk bor migrant oilasidan chiqqan ayol boshqarishi mumkin
Berlindagi saylovlarda g‘alaba qozonayotgan So‘l partiya (Die Linke) poytaxt meri uchun nomzodlar ro‘yxatida kelib chiqishi turkiyalik Elif Eralp yetakchilik qilmoqda.
Dastlabki rasmiy natijalarga ko‘ra, Die Linke 25,7 foiz ovoz oldi. Bu uning avvalgi saylovdagi natijasidan ikki baravar ko‘p. Shu tariqa, Die Linke tarixda ilk bor Berlindagi eng yirik siyosiy kuchga aylandi.
“Shahrimizda muhabbat va adolat nafrat ustidan g‘alaba qozondi. Bugun buni barchamiz birgalikda namoyon etdik va bu xabar butun dunyoga tarqalmoqda”, dedi Eralp dastlabki natijalar e’lon qilingach.
45 yoshli huquqshunos Elif Eralp turkiyalik migrantlar oilasida tug‘ilgan. Uning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy mavzulardan biri Berlindagi uy-joy inqirozi, jumladan, ijara narxlarining yuqoriligi bo‘ldi.
Turkiyaning Karar gazetasi siyosatchini “Berlinning turkiyalik Mamdanisi” deb atab, uni Nyu York meri Zohran Mamdani bilan qiyosladi.
Biroq Die Linke’ning g‘alabasi Eralp avtomatik ravishda shahar rahbari bo‘ladi degani emas. Berlin meri etib saylanishi uchun u Vakillar palatasidagi deputatlarning ko‘pchilik ovozini olishi kerak. Shu sababli endi koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.
OAV Die Linke, “Yashillar” va Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi o‘rtasida koalitsiya tuzilishini ehtimoliy variantlardan biri deb ta’kidlamoqda.
Agar Eralp Berlin hukumatiga rahbarlik qilishga muvaffaq bo‘lsa, u Germaniya poytaxti meri lavozimini egallagan ilk turk millatli ayolga aylanadi.

