Berlin va Rim qarshiligi: YEI yangi mudofaa guruhini tuzmaydi
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat va xavfsizlik boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas Yevropa mudofaa siyosatini kuchaytirish boʻyicha yuqori darajadagi ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini soʻnggi lahzada bekor qildi. Dpa maʼlumotiga koʻra, bunga Germaniya va Italiya hukumatlarining qarshiligi sabab boʻlgan. Guruh tarkibiga YEI davlatlari bilan birga Buyuk Britaniya va Ukraina vakillarini ham kiritish rejalashtirilgan edi.

Berlin va Rimning qarshiligi: YEI yangi mudofaa guruhini tuzmaydi
Yevropa Ittifoqida Yevropa mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak bo‘lgan yuqori darajadagi ekspertlar guruhini tuzish rejasi amalga oshmaydigan bo‘ldi.
dpa agentligi xabariga ko‘ra, YEI tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 7-sentabrga mo‘ljallangan guruh taqdimotini «so‘nggi lahzada» bekor qilgan.
Bryusseldagi YEI rasmiylaridan biri agentlikka ayrim a’zo davlatlar hozirgi sharoitda bunday guruhni tashkil etishni maqbul qadam deb hisoblamaganini aytgan.
YEI mamlakatlari mudofaa vazirlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin aynan shu tashabbusni davom ettirmaslikka qaror qilingan.
Dpa ma’lumotiga ko‘ra, ekspertlar guruhini tuzishga, xususan, Germaniya va Italiya hukumatlari qarshi chiqqan.
Rejaga ko‘ra, yangi ekspertlar guruhiga Kaya Kallas rahbarlik qilishi va u Yevropaning harbiy salohiyatidagi mavjud bo‘shliqlarni qanday qilib tezroq hamda samarali bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak edi.
Guruh o‘z faoliyati yakunlari bo‘yicha aniq tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobot taqdim etishi rejalashtirilgan.
Uning tarkibiga Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlaridan yuqori martabali siyosatchilar va harbiylar, shuningdek, Buyuk Britaniya va Ukraina vakillarini kiritish ko‘zda tutilgan edi.
Guruh a’zolari 7-sentabr kuni ertalab maxsus tadbirda rasman tanishtirilishi kerak bo‘lgan.
Kallas 1-sentabr kuni Irlandiyaning Uiklou shahrida YEI mudofaa vazirlarining norasmiy uchrashuvidan keyin Ukraina Yevropa mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb etilishini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yuqori martabali siyosatchilar va harbiylardan iborat yangi guruhga YEI mamlakatlari hamda Buyuk Britaniya bilan birga kirishi kerak edi.
Kallas Ukraina jang maydonida katta tajriba to‘plaganini ta’kidlab, mamlakatni harbiy innovatsiyalar bo‘yicha «jahon yetakchisi» deb atagan.

