Berlin aeroportida yarim yilda 28-marta dron qayd etildi
Berlin-Brandenburg aeroportida 23-sentabr oqshomida dron aniqlangani sababli parvozlar 45 daqiqaga toʻliq toʻxtatildi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan aeroportning har ikki uchish-qoʻnish yoʻlagi vaqtincha yopilgan.

Berlin aeroportida yarim yil ichida dron 28-marta qayd etildi
DW xabar berishicha, dpa agentligi bu haqda aeroport hamda Germaniya federal politsiyasi vakillariga tayanib maʼlum qilgan.
Dron mahalliy vaqt bilan taxminan soat 20:00 da aniqlangan. Shundan keyin Germaniya havo harakatini boshqarish xizmati — Deutsche Flugsicherung (DFS) shimoliy uchish-qoʻnish yoʻlagini yopgan.
Soat 20:20 da janubiy yoʻlak ham yopilib, aeroportdagi parvozlar toʻliq toʻxtatilgan. Har ikki yoʻlak soat 21:05 da qayta ochilgan.
### Yarim yilda 28 ta holat qayd etilgan
DFS maʼlumotiga koʻra, yilning dastlabki olti oyida Berlin-Brandenburg aeroportida dron aniqlanishi bilan bogʻliq 28 ta holat qayd etilgan. Bu Germaniya aeroportlari orasida eng yuqori koʻrsatkich boʻlib, mamlakatdagi eng yirik aeroport — Frankfurt-Mayndagidan bittaga koʻp.
Ushbu holatlarning yettitasida Berlin-Brandenburg aeroportida havo harakatini vaqtincha toʻxtatishga toʻgʻri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil davomida aeroport va unga tutash hududlarda jami sakkizta dron aniqlangan.
### Xabarlar asosan uchuvchilardan kelib tushadi
Dronlar haqidagi xabarlarning aksariyati parvozga koʻtarilayotgan yoki qoʻnishga tayyorlanayotgan samolyot uchuvchilari, shuningdek, dispetcherlik minoralaridagi kuzatuvchilardan kelib tushadi.
Joriy yildan boshlab federal politsiya boshqaruvidagi uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlashga moʻljallangan maxsus tizimlar ham qoʻllanilmoqda.
Kyoln/Bonn, Gamburg va Myunxen aeroportlarida ham dronlar haqida tez-tez ogohlantirishlar qayd etilgan.
DW maʼlumotiga koʻra, Germaniya qonunchiligi uchish va qoʻnish hududlari atrofidagi 1,5 kilometr radiusda dronlardan foydalanishni taqiqlaydi. Bunday qoidabuzarlik havo harakatiga xavfli aralashuv sifatida baholanib, oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab boʻlishi mumkin.

