Mahalliy

Ben Kingsli ishtirokidagi film Islom tsivilizatsiyasi markaziga Ispaniyadagi nufuzli festivalning oltin medalini keltirdi

Ben Kingsli ishtirok etgan film Islom tsivilizatsiyasi markaziga Ispaniyadagi nufuzli festivalning oltin mukofotini keltirdi

Gollivud aktyori Ben Kingsli ishtirok etgan «Maʼrifat aks-sadosi» filmi Ispaniyada boʻlib oʻtgan yubiley Terres Travel Festival – Films & Creativity 2026 festivalida oltin mukofotni qoʻlga kiritdi. Islom tsivilizatsiyasining ilm-fan, madaniyat va insoniyat tafakkuri rivojiga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan lenta «Turistik xizmat» nominatsiyasida gʻolib chiqdi.

Oʻzbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi ushbu mukofotni 20 sentyabr kuni Kataloniyaning Tortosa shahrida qabul qilib oldi. Bu yilgi festivalda 40 dan ortiq mamlakatdan audiovizual loyihalar taqdim etildi.

Bu «Maʼrifat aks-sadosi» filmining birinchi xalqaro mukofoti emas. 2026 yilda film New York Festivals va Kann korporativ media va televideniye festivali finaliga chiqdi, shuningdek, Belgraddagi SILKFEST 26 festivalida eʼtirof etildi. Endilikda ushbu roʻyxatga Ispaniyadagi Terres festivalining oltin mukofoti ham qoʻshildi.

Filmda Oʻzbekiston nafaqat turistik yoʻnalish, balki buyuk olimlar, mutafakkirlar va kashfiyotlar zamini sifatida ham koʻrsatilgan. Ijodkorlar islom tsivilizatsiyasining intellektual va madaniy merosi hamda uning ilm-fan va taʼlim rivojiga taʼsiri haqida hikoya qiladilar.

Filmda Ben Kingsli alohida rol oʻynagan. Mahatma Gandi roli uchun «Oskar» mukofoti sohibi boʻlgan aktyor tomoshabinlarga «Tabib» filmidagi Abu Ali ibn Sino obrazi orqali ham yaxshi tanish. «Maʼrifat aks-sadosi» filmida aktyor Sharqning intellektual anʼanalari va islom tsivilizatsiyasining insoniyat tafakkuri rivojiga qoʻshgan hissasi haqida gapiradi.

Terres Travel Festival sayohat, turizm, madaniyat va hududlar haqidagi filmlarga bagʻishlangan boʻlib, Turistik filmlar festivallari xalqaro qoʻmitasining (CIFFT) rasmiy aʼzosi hisoblanadi. Festival gʻoliblari CIFFT – World’s Best Tourism Films reytingiga kiritiladi.

Bu Islom tsivilizatsiyasi markazi uchun navbatdagi xalqaro eʼtirofdir. 2026 yilda u Ginnesning rekordlar kitobiga «Islom tsivilizatsiyasining eng yirik muzeyi» sifatida kiritilgan edi, TURKSOY esa uni «Turk dunyosining eng yaxshi muzeyi» deb atagan. 2025 yilda Markaz Singapurda boʻlib oʻtgan Butunjahon halol turizm sammitida Xalqaro Avitsenna mukofoti va «Yilning islom merosi obʼyekti» mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

Avvalroq Euronews bosh va tahririyat direktori Klaus Shtrunts Toshkentni «Islom tsivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumining doimiy maydoniga aylantirishni va uni har yili oʻtkazishni taklif qilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.