Belgiyadagi «IKEA rejasi» sud nizosiga sabab boʻldi
Yevropa Ittifoqi sudi Shvetsiyaning IKEA kompaniyasi va Belgiyadagi oʻta oʻng «Flamand manfaati» partiyasi oʻrtasidagi tovar belgisidan foydalanishga oid nizoda kompaniya pozitsiyasini qoʻllab-quvvatladi. Sudga koʻra, siyosiy kampaniyada IKEA nomidan foydalanish brend obroʻsiga zarar yetkazishi mumkin. Ish boʻyicha yakuniy qarorni Belgiya sudi chiqaradi.

Belgiyada «IKEA rejasi» atrofidagi mojaro sudga olib chiqildi
Shvetsiyaning IKEA kompaniyasi Belgiyadagi oʻta oʻng «Flamand manfaati» (Vlaams Belang) partiyasiga qarshi sud ishida vaqtinchalik ustunlikka erishdi.
Bahsga partiyaning migratsiyani kamaytirishga qaratilgan siyosiy dasturida IKEA tovar belgisidan foydalanilgani sabab boʻldi.
8-sentabr kuni Lyuksemburgdagi Yevropa Ittifoqi sudi bu masalada IKEA pozitsiyasini qoʻllab-quvvatladi.
Sudga koʻra, boshpana va migratsiya siyosatiga oid siyosiy reja nomida IKEA singari obroʻli tovar belgisidan foydalanish kompaniya brendining nufuziga putur yetkazishi va uning qonuniy manfaatlariga zid boʻlishi mumkin.
Sud talqiniga binoan, obroʻli tovar belgisi egasi siyosiy partiya tomonidan ushbu belgidan foydalanilishiga eʼtiroz bildirish huquqiga ega. Bunda siyosiy partiya oʻz fikrini erkin bildirish huquqi tovar belgisi egasining huquq va manfaatlaridan ustun ekanini isbotlashi kerak.
Nizo 2022-yilda boshlangan. Oʻshanda «Flamand manfaati» partiyasi Belgiyaning migratsiya qonunchiligini isloh qilishga doir dasturini «IKEA rejasi» deb nomlagan.
Partiya hatto siyosiy rejasini IKEA mebellarini yigʻish boʻyicha mashhur yoʻriqnomalar uslubida bezagan.
Biroq bu yerda IKEA soʻzi kompaniya nomi sifatida emas, balki niderland tilidagi Immigratie Kan Echt Anders iborasining qisqartmasi sifatida ishlatilgan. Mazmunan uni «Immigratsiya haqiqatan ham boshqacha boʻlishi mumkin» deb tarjima qilish mumkin.
Shundan keyin IKEA oʻz tovar belgisidan siyosiy kampaniyada foydalanilganiga qarshi sudga murojaat qildi.
«Flamand manfaati» esa IKEA brendining keng tanilganidan oʻz siyosiy gʻoyalariga eʼtibor qaratish va ularning taʼsirini kuchaytirish uchun foydalanganini yashirmagan. Partiya bu harakatini fikrni erkin ifoda etish huquqi bilan oqlagan.
Ishni koʻrib chiqqan Belgiya sudi mazkur vaziyatda ikki asosiy huquq — mulk huquqi va fikrni erkin ifoda etish huquqi oʻrtasida ziddiyat bor degan xulosaga kelgan.
Shu sababli Belgiya sudi Yevropa Ittifoqi sudidan bu masala yuzasidan huquqiy izoh berishni soʻragan.

