Belgiyada uy devoridan xazina chiqdi
Belgiyadagi eski uyni qayta qurayotgan ishchilar uning ostidagi yerto‘la devoridan katta xazina – umumiy qiymati to‘qqiz million yevroga yetishi mumkin bo‘lgan oltin yombilar va tangalarni topib olishdi.

Belgiyada uy devoridan topilgan xazina
Quruvchilar kanalizatsiya quvurlari uchun yo‘l ochish maqsadida uy ostidagi yerto‘la devorini buzishayotganida, kutilmaganda xazinaga duch kelishdi.
"Avvaliga men ularni 1 yevrolik tangalar deb o‘yladim. Ammo keyin yonida bir yombi oltinni ko‘rib qoldim. Shunda biz kattaroq narsani topganimizni angladik", – deya hikoya qiladi brigada a’zosi, 18 yoshli talaba Kobe Belgiyaning VRT teleradiokompaniyasiga.
Quruvchilar topilgan xazinani o‘zlarida olib qolish haqida o‘ylashmadi va darhol politsiyani chaqirishdi.
"U yerda juda ko‘p tanga va yombilar bor edi – buni yashirishning iloji yo‘q edi", – deydi VRT telekanaliga brigadir Mario. "Ha, bu shunchaki o‘g‘rilik bo‘lgan bo‘lardi".
"To‘qqiz million yevro – buncha narsani yashirib bo‘lmaydi", – deya uning fikriga qo‘shiladi Kobe.
Politsiya tomonidan e’lon qilingan fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, barcha oltin quymalar markirovka qilingan, ammo ular va tangalar qaysi davrga mansubligi aniqlashtirilmagan. Ular qachon va qanday qilib devor ichiga joylashtirilgani haqida ham ma’lumot yo‘q.
Mahalliy nashrlar xabar berishicha, xazina topilgan Belgiya shimolidagi Dendermonde tumanida joylashgan uy XIX asr oxiridan beri pivo ishlab chiqaruvchi tadbirkorga tegishli bo‘lgan. Hozirda ishchilar uni Dendermondeda ijtimoiy yordam bilan shug‘ullanuvchi CAW Oost-Vlaanderen tashkiloti (tashkilot binoni sotib olgan) ehtiyojlari uchun to‘liq qayta qurmoqda.
CAW Oost-Vlaanderen direktori Gert Hillert jurnalistlarga bu hayratlanarli topilmadan juda xursand ekanligini va bu boylik uning xayriya tashkilotiga berilishi hamda odamlar uchun ishlatilishiga umid qilishini aytgan.
Ammo Belgiya nashrlari yozishicha, bu oson bo‘lmaydi.
Birinchidan, jurnalistlarning yozishicha, xazinani uni topgan ishchilar va uyga egalik qiluvchi tashkilot o‘rtasida bo‘lishish kerak.
Ikkinchidan, Belgiya qonunlariga ko‘ra, xazinaning qonuniy egasi paydo bo‘lishi uchun besh yil kutiladi.
Uchinchidan, agar yashirilgan xazina jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani ma’lum bo‘lsa, xazina bu tomonlarning hech biriga nasib etmaydi.
Mahalliy politsiya tergov ishlarini boshlagan, odamlardan "oltin chiqqan" uyga bormaslik so‘ralgan, chunki u yer allaqachon ag‘dar-to‘ntar qilingani va xazina ishonchli joyga ko‘chirilgani ma’lum qilingan.
Shu bilan birga, politsiyachilar xazina uchun "to‘g‘ri joy topilishi"ga va u odamlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berishiga umid bildirishgan.

