Dunyo

Belgiyada quruvchilar devor orasidan 9 mln yevrolik oltin topdi

Belgiyada quruvchilar devor orasidan 9 million yevrolik oltin topdi

Belgiyaning Dendermonde shahri yaqinida kanalizatsiya quvuri yotqizayotgan quruvchilar eski bino yerto‘lasidan qariyb 9 million yevrolik oltin topdi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.

Xazina sobiq pivo zavodiga tegishli binoda ta’mirlash va kanalizatsiya ishlari olib borilayotgan paytda aniqlangan. Oltinlar yerto‘ladagi devor orasiga yashirib qo‘yilgan bo‘lgan.

Topilmani birinchi bo‘lib yozgi ta’til vaqtida qurilishda ishlayotgan 18 yoshli talaba Kobe payqagan. U dastlab ko‘rinib turgan yaltiroq tangalarni oddiy pul deb o‘ylagan. Qazish ishlari davom ettirilgach, devor orasidan ko‘plab oltin tangalar va quymalar chiqqan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xazina tarkibida 49 ta oltin quyma va minglab tangalar bor. Ularning umumiy qiymati taxminan 9 million yevro yoki 10 million dollardan ortiq baholanmoqda.

Ayrim quymalarda 1957–1961-yillarga oid belgilar aniqlangan. Bu xazina qachon va kim tomonidan yashirilganini aniqlashga yordam berishi mumkin.

Bino ilgari mahalliy pivo ishlab chiqaruvchi Van Assche oilasiga tegishli bo‘lgan. Shu sabab oltinlar ushbu oilaga aloqador bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Biroq hozircha xazinaning qonuniy egasi aniqlanmagan.

Topilgan oltinlar politsiyaga topshirilgan. Prokuratura ularning kelib chiqishi va jinoyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham tekshirmoqda.

Voqea haqida xabar tarqalgach, hududga yana xazina topish umidida odamlar kela boshlagan. Politsiya bino buzilish jarayonida ekanini bildirib, fuqarolarni qurilish maydoniga kirmaslikka chaqirgan.

2026-yil yanvarida Isroilning Yahudiya sahrosidagi Girkaniya arxeologik yodgorligidan qariyb 1400 yillik oltin xazina topilgan edi. Topilma Vizantiya davriga tegishli bo‘lib, arxeologlar uni qadimiy monastir hududidan aniqlagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.