Belarusda maktab o‘quvchilari dronlarni boshqarishga o‘rgatiladi

Belarusda maktab o‘quvchilari dronlarni boshqarishga o‘rgatiladi. Bu haqda mamlakat ta’lim vaziri o‘rinbosari Aleksandr Kadlubay ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusda 10-sinf o‘quvchilari uchun yangi dastur ishlab chiqilgan.
“Biz amaliy jihatni kuchaytirdik. O‘ninchi sinf o‘quvchilari uchun dastur uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish ko‘nikmalarini o‘rganish va o‘zlashtirish bo‘yicha 10 soatlik kursni o‘z ichiga oladi. Qizlar uchun tibbiy tayyorgarlikning amaliy bloki ancha kengaytirildi — taktik tibbiyot elementlari kiritildi. Biz balansni amaliy mashg‘ulotlar tomon siljitdik va ularning hajmini oshirdik. Sof nazariyadan real sharoitlarda zarur bo‘lgan aniq ko‘nikmalarga o‘tdik”, dedi Kadlubay.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Belarusda ta’limni harbiylashtirish jarayoni kuchaygan. Joriy yildan 10-sinf o‘quvchilari uchun 10 kunlik o‘quv-dala yig‘inlarida qatnashish majburiy etib belgilangan. Bolalar bog‘chalarida “harbiy-vatanparvarlik” yo‘nalishidagi guruhlar, maktab va kollejlarda esa “harbiy-vatanparvarlik” klublari ochilmoqda.
Iyul oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko uning buyrug‘i bilan maxsus operatsiya kuchlari Ukraina chegarasi bo‘ylab joylashtirilganini aytgandi. 2026-yil boshidan buyon mamlakatda 43 ta bombapanohlar qayta tiklangan.
Iyun oyida Belarus Mudofaa vazirligi Polsha va Litva bilan chegaradosh Grodno viloyatida mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Tadbirlar davomida fuqarolar va transportni safarbar etish harakatlari ishlab chiqilgan.
23-iyun kuni The Wall Street Journal gazetasi Rossiya Ukrainaga qarshi yangi front ochish maqsadida Belarus hududidan foydalanishni talab qilib, Lukashenkoga bosimni kuchaytirgani haqida yozgandi. Rossiya qo‘shni davlatdan NATOga qarshi ommaviy dron hujumlari va gibrid operatsiyalar uyushtirishda foydalanishni ko‘rib chiqayotgani aytilgan.
Mazkur xabar ortidan Lukashenko Belarus Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarga qo‘shilish niyatida emasligini aytdi. U bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ko‘p marta muhokama qilganini bildirgan. Shuningdek, belaruslar ukrainaliklar bilan urishishni istamasligini ta’kidlagan.

