Dunyo

Belarus Rossiya dronlariga yordam beruvchi retranslyatorlarini yana yoqdi — Ukraina

Belarus Rossiya dronlariga yordam beruvchi retranslyatorlarini yana ishga tushirdi — Ukraina

Belarus Rossiya dronlariga nishonlarni aniqlashda ko‘maklashadigan retranslyatorlarini qayta yoqdi. Bu haqda Ukraina Davlat chegara xizmati vakili Andrey Demchenko ma’lum qildi.

Hozirda Belarus Ukraina hududini o‘qqa tutishda Rossiyaga faol yordam bermoqda. Belarus hududida ishga tushiriladigan va Rossiyaning “Shahed” hamda “Gerber” dronlari uchun signal ta’minlaydigan retranslyatorlar ham shular jumlasidan, dedi Demchenko.

U Rossiyadan uchib kelayotgan dronlar signal olish va Ukraina hududiga yanada chuqurroq kirib borish uchun Belarus chegarasiga yaqin joylashtirilganini ta’kidladi.

Demchenko so‘zlariga ko‘ra, retranslyatorlarning ishlashi 13-sentyabrga o‘tar kechasi Polsha bilan chegaradagi “Yagodin” nazorat-o‘tkazish punktiga hujum uyushtirish imkonini ham bergan.

O‘sha kuni Rossiya qo‘shinlari Kiyev—Varshava yo‘nalishida ketayotgan poyezdga ham zarba bergan. Hujumga uchragan poyezd yaqinida yevropalik diplomatlarni olib ketayotgan maxsus poyezd bo‘lgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya poyezd yo‘lovchilari tarkibidan xabardor bo‘lganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Zelenskiy iyun oyi o‘rtalarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkodan Ukraina bilan chegaradagi retranslyatorlarni o‘chirib qo‘yishni talab qilgandi. “Agar u bunday qilmasa, biz qilamiz”, degan edi o‘shanda Ukraina rahbari. Ushbu tahdiddan bir hafta o‘tib, Zelenskiy chegaradagi retranslyatorlar faoliyati to‘xtaganini aytgandi.

Retranslyator — radio signalini qabul qilib, uni kuchaytirgan holda yoki boshqa chastotada qayta uzatuvchi qurilma. U radioaloqaning qamrov hududini kengaytirishga imkon beradi. Ayniqsa, relyefi murakkab hududlarda yoki stansiyalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan holatlarda qo‘llanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.