BBC Verify aniqlashicha, IDF tomonidan odam oʻldirish holatlari boʻyicha oʻtkazilgan yuzlab surishtiruvlar jamoatchilikka hech qanday natija bermagan
BBC Verify soʻnggi uch yil ichida Isroil harbiylari zarar yetkazganlikda ayblanganidan keyin koʻrib chiqayotganini maʼlum qilgan 254 ta hodisani aniqladi.

BBC Verify aniqlashicha, Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) tominadan odamlar oʻldirilgani boʻyicha yuritilgan yuzlab tekshiruvlarning oshkora yakuni yoʻq
BBC Verify Isroil harbiylari Gʻazo, Livan, egallangan Gʻarbiy sohil va Isroilda odamlarni oʻldirish yoki yarador qilishda ayblangan hamda ularni tekshirayotganini bildirgan, ammo oshkora yakuni eʼlon qilinmagan 254 ta hodisani aniqladi.
Muayyan vazifa uchun yaratilgan AI (sunʼiy intellekt) vositalaridan foydalangan holda, BBC Verify 60 000 dan ortiq yangiliklar hisobotini koʻrib chiqdi va Gʻazodagi urush boshlanganidan beri Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) zarar yetkazganlikda ayblangan yuzlab hodisalarni oʻrganib chiqdi. Har bir holat sinchkovlik bilan qoʻlda tekshirilgandan soʻng, biz harbiylar tekshirayotganini aytgan 300 ta hodisani topdik, ammo ularning faqat 28 tasi boʻyicha natijalar IDF veb-saytida eʼlon qilingan. Yana 18 ta holatda tekshiruv yakunlangani yoki yoʻqligi noaniq edi.
BBC Verify har bir holat boʻyicha IDF bilan qayta-qayta bogʻlandi, ammo faqat ikkita hodisa boʻyicha tafsilotlarni oldi va IDF ular hali ham koʻrib chiqilayotganini aytdi. «IDF qonunga yoki IDF koʻrsatmalariga zid boʻlishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar boʻyicha xavotir uygʻotadigan har bir ayblov yoki hisobotga juda jiddiy qaraydi», deyiladi bayonotda.
Jeneva konventsiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun urush hududlarida faoliyat yuritadigan Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi (XQXQ) xalqaro gumanitar huquqning mumkin boʻlgan buzilishlari boʻyicha surishtiruvlar, jinoiy yoki boshqacha boʻlishidan qatʼi nazar, imkon qadar ochiq boʻlishi kerakligini aytadi.
BBC Verify tomonidan aniqlangan 254 ta hodisadan 158 tasi Gʻazoda, 48 tasi Gʻarbiy sohilda va 32 tasi Livanda sodir boʻlgan. Yana 16 tasi Isroilda yoki IDF hibsxonalarida yuz bergan. BARCHASI 2023 yil 7 oktyabrdan 2026 yil 19 avgustgacha boʻlgan davrda sodir boʻlgan va ularning 200 dan ortigʻida kamida bir kishi halok boʻlgani xabar qilingan.
Oshkora yakuni boʻlmagan baʼzi holatlar 2023 yilning oxiriga borib taqaladi. Eng koʻp odam oʻlimiga olib kelgan hodisalardan biri 2024 yil avgustida Gʻazodagi maktab binosiga berilgan zarba boʻlib, oʻshanda kamida 93 kishi, jumladan olti nafar ayol va 11 nafar bola halok boʻlgani xabar qilingan edi.
Uch yildan beri Isroil harbiylari zarar yetkazish ayblovlariga koʻpincha hodisa qandaydir tarzda tekshirilayotganini, masalan, u «oʻrganilayotgani», «koʻrib chiqilayotgani», «tekshirilayotgani» yoki «tahlil qilinayotganini» aytish orqali javob berib kelmoqda. Koʻpincha, jamoatchilik bu holat haqida oxirgi marta shuni eshitadi.
Bir nechta hodisalar IDF tomonidan jinoiy surishtiruv uchun yuborilgan. Jamoatchilikning kuchli eʼtiborini tortgan ikkita holat besh yoshli Hind Rajabning oʻldirilishi va 100 dan ortiq oʻq uzilgan hamda yaqin masofadan nishonga olingan deb aytilayotgan 15 nafar Falastin Qizil Yarim Oy favqulodda vaziyatlar xodimining oʻldirilishi bilan bogʻliq.
IDF harbiy tekshiruvlarining natijalari, jumladan askarlarga nisbatan jinoiy surishtiruvlarga olib keladigan natijalar ham muntazam ravishda oshkor qilinmaydi.
Baʼzi eʼlon qilingan holatlar Isroil operatsiyalari natijasida halok boʻlgani aytilayotgan Gʻazodagi garovdagilarga tegishli. Baʼzi hollarda harbiylar faqat BBC Verify yoki boshqa ommaviy axborot vositalari bogʻlanganidan keyingina tekshiruv oʻtkazayotganini aytgan.
Avgust oyida IDF Gʻazodagi beshta hodisa, jumladan Hind Rajab va 15 nafar Falastin favqulodda vaziyatlar xodimining oʻldirilishi boʻyicha ichki tekshiruvlar haqida kamdan-kam uchraydigan hisobotni eʼlon qildi va ular jinoiy surishtiruv darajasiga oshirilganini aytdi.
Boshqa uchta holatda, jumladan, havo hujumida World Central Kitchen (WCK) ning yetti nafar insonparvarlik yordami xodimining oʻldirilishi va Gʻazodagi ikkita alohida hujumda «Chegarasiz shifokorlar» (MSF) ning toʻrt nafar yordam xodimining oʻldirilishi boʻyicha, IDF jinoiy surishtiruv ochish uchun hech qanday asos yoki asosli gumon topmaganini aytdi.
Hisobotda aytilishicha, Isroil Bosh shtabining «favqulodda operativ hodisalarni» IDF tomonidan tekshirishni boshqaradigan Faktlarni aniqlash va baholash mexanizmi (FFAM) urush boshlanganidan beri 150 ga yaqin holat boʻyicha koʻrib chiqishni yakunlagan.
Hisobotga koʻra, ushbu holatlar endi koʻrib chiqish uchun IDF Harbiy prokuraturasiga topshirilgan. IDF 150 ta hodisa nimadan iborat ekanini aytmadi va soʻralganda, ular BBC Verify tomonidan aniqlangan holatlardan ayricha ekani yoki yoʻqligiga aniqlik kiritmadi.
Tayinli soʻrovlarga qaramay, IDF BBC Verify tomonidan aniqlangan 300 ta tekshiruvning holati haqida aniq maʼlumot bermadi.
Bayonotda IDF «qonuniy va operativ mulohazalarni, shuningdek, maxfiylik va axborot xavfsizligiga oid cheklovlarni hisobga olgan holda, imkon qadar tekshiruv va surishtiruvlar natijalariga oid maʼlumotlarni eʼlon qilishini» bildirdi.
Qoʻshimcha qilinishicha, baʼzi hodisalar qoʻmondonlik darajasidagi operativ koʻrib chiqishlar orqali hal qilinadi, ular «voqealar ketma-ketligini aniqlash, kamchiliklarni aniqlash va operativ xatti-harakatlarni yaxshilash hamda zarur qoʻmondonlik choralarini koʻrish maqsadida saboq chiqarishga qaratilgan».
Shuningdek, IDF urush paytida kutilgan standartlarga javob bermagan va IDF koʻrsatmalariga qarshi harakat qilgan askarlarga nisbatan oʻnlab holatlarda intizomiy choralar koʻrilganini, jumladan, jangovar vazifalardan va ehtiyotdagi xizmatdan chetlashtirilganini aytdi.
Isroilning Yesh Din inson huquqlari tashkiloti tomonidan olingan Axborot erkinligi maʼlumotlari shuni koʻrsatdiki, 2023 yil oktyabridan 2024 yil avgustigacha Gʻazo bilan bogʻliq kamida 1 456 ta hodisa FFAM ga yuborilgan. Ushbu koʻrib chiqishlarning 12 tasi yakunlanib, Harbiy bosh yurist (MAG) korpusga yuborilgan va ikkitasi jinoiy surishtiruvga olib kelgan.
2006 yildan beri harbiy tekshiruvlarni kuzatib borayotgan Yesh Din tadqiqotchisi Den Ouen BBC Verify ga IDF koʻpincha tekshiruvlarni «choʻzishga» harakat qiladi deb ishonishini aytdi. «Ular bu jarayonlarni odamlar unutadigan va odamlar ular haqida qaygʻurmay qoʻyadigan darajada choʻzishga harakat qilishadi», dedi u.
Oksford universitetining xalqaro huquq professori Yanina Dillning aytishicha, Jeneva konventsiyalari qurolli mojaro tarafidan «oʻz xodimlarini tekshirish va ehtimoliy javobgarlikka tortishni» talab qiladi.
«Bu mutlaqo aniq asosiy talabdir», dedi u. «XQXQ tomonidan maʼqullangan tekshiruv boʻyicha koʻrsatmalar ham mavjud, shuning uchun ular muayyan vakolatga ega. Va ular tezkorlik, sinchkovlik, xolislikni taʼkidlaydilar.»
Isroil Demokratiya Instituti (IDI) Xavfsizlik va demokratiya markazi direktori va IDF ning sobiq toʻngʻich huquqshunosi Eran Shamir-Borer Isroil ishtirokidagi mojarolardagi ayblovlarni tekshirishda jang maydonining murakkabligi sababli «haqiqiy qiyinchiliklar» borligini aytdi.
«[Dushmanona boʻlgan], hamisha ham sizning nazoratingizda boʻlmagan hududda dalillarni yigʻish juda qiyin boʻlishi mumkin. Joylarda juda koʻp kuchlar bor, ularning koʻplari oʻt ochadi», dedi u.
Shamir-Borer qoʻshimcha qildi: «Urush kontekstida askarlarni tekshirish gʻoyasi hech qachon ommabop ish boʻlmagan» va bu boshqa qonunga boʻysunuvchi mamlakatlarda ham toʻgʻri ekanini aytdi.
Uning aytishicha, Isroilga oʻz tekshiruvlari haqida koʻproq shaffoflik foyda keltiradi va u IDF ni «turli ayblovlarni tekshirishda erishayotgan yutuqlari haqida jamoatchilik bilan baham koʻrayotgan maʼlumotlarida ochiqroq boʻlishga» chaqirgan boʻlar edi.
2023 yil 7 oktyabrda Hamas tomonidan Isroilda amalga oshirilgan va 1 200 ga yaqin odam halok boʻlgan hamda yana 251 kishi garovga olingan hujumlardan beri, IDF Gʻazoda garovga olinganlarni qaytarib olish va Hamasni yoʻq qilishga qaratilgan keng koʻlamli harbiy operatsiyalarni oʻtkazmoqda.
Hamas tomonidan boshqariladigan sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, urush boshlanganidan beri Isroil hujumlarida 74 000 dan ortiq falastinlik halok boʻlgan.
BBC Verify soʻnggi uch yil ichida favqulodda vaziyatlar xodimlari va Gʻazo ichida yordamga erishishga harakat qilayotgan odamlarning oʻldirilishi, sektordagi minglab binolarning vayron qilinishi va isroillik askarlarning nojoʻya xatti-harakatlari haqidagi ayblovlar haqida xabar bergan.
Urush boshlanganidan atigi ikki oy oʻtib, 2023 yil dekabr oyida hududdagi yagona katolik cherkovida Isroil qoʻshinlari tomonidan ikki ayol oʻldirildi, bu hodisa keyinchalik IDF tomonidan koʻrib chiqilayotgani aytilgan edi.
Quddusning Lotin Patriarxatiga koʻra, ona Nahida Anton va uning qizi Samar Anton Gʻazodagi Muqaddas Oila cherkovi hududida mergan oʻqidan halok boʻlgan.
BBC Verify oʻsha paytda hisobot boʻyicha IDF bilan bogʻlangan. Harbiylarning aytishicha, dastlabki koʻrib chiqish shuni koʻrsatdiki, qoʻshinlar «cherkov hududida» aniqlangan Hamas xavfiga qarshi harakat qilishgan. IDF «hodisani sinchkovlik bilan koʻrib chiqayotganini» qoʻshimcha qilgan.
2025 yil sentyabr oyida BBC Verify yangilangan maʼlumotni soʻradi va hodisa «hali ham FFAM tomonidan koʻrib chiqilayotgani» aytildi.
Endi, Nahida va Samar oʻldirilganidan deyarli uch yil oʻtib, IDF yana bu ish koʻrib chiqilayotganini aytdi.
Maʼlumot uchun oxirgi soʻrovdan soʻng IDF shunday dedi: «Murakkab hodisalar tegishli faktik maʼlumotlarni yigʻish, solishtirish va tekshirish uchun sezilarli vaqt talab qilishi mumkin.»
U shunday qoʻshimcha qildi: «IDF tashqi muddatlarga rioya qilish uchun tekshiruv yoki surishtiruv jarayonlarini qisqartirmaydi yoki ulardan voz kechmaydi.»
Falastinliklar 2024 yil avgustida Isroilning Al-Tabain maktabi binosiga qilgan hujumidan vurjudga kelgan vayronagarchilikni koʻzdan kechirmoqdalar
Isroil harbiylari tomonidan hali ham tekshirilayotgan eng koʻp odam oʻlimiga olib kelgan hodisalardan biri 2024 yil avgustida Gʻazo shahrining sharqidagi maktab binosiga berilgan havo hujumidir.
Hamas tomonidan boshqariladigan fuqarolik mudofaasi agentligining aytishicha, Tabain maktab majmuasi va yaqin oradagi masjidga berilgan zarbada kamida 93 kishi, jumladan olti nafar ayol va 11 nafar bola halok boʻlgan.
Tonggi namoz vaqtida Isroilning bir nechta zarbalari hududga tekkanda, binolar koʻchirilgan falastinliklarga boshpana boʻlayotgan edi. Voqea oqibatlari aks etgan BBC tomonidan tekshirilgan videolarda favqulodda vaziyatlar xodimlari kichik olovlar, vayronalar va polda sochilgan tana qismlari oralab harakat qilayotganda chang buluti koʻringan. Kunduzgi fotosuratlarda qonga belangan pollar, chiqindilar va sochilgan kiyimlar koʻringan.
Mutaxassislar BBC Verify ga voqea joyida koʻringan oʻq-dori parchalari AQSh tomonidan Isroil harbiylariga yetkazib berilgan GBU-39 aniq nishonga oluvchi bombaga mos kelishini aytishdi.
Oʻsha paytda IDF Hamasning qoʻmondonlik va boshqaruv markazi maktab binosiga joylashtirilganini va IDF askarlari hodisada 31 jangarini oʻldirganini aytgan edi. Qoʻshimcha qilinishicha, «dastlabki koʻrib chiqish» talofat raqamlari IDF da mavjud boʻlgan maʼlumotlarga, ishlatilgan aniq oʻq-dorilarga va zarbaning aniqligiga mos kelmasligini koʻrsatdi. IDF BBC Verify ga hodisa hali ham koʻrib chiqilayotganini aytdi.
BBC Verify shuningdek, IDF Gʻarbiy sohilda tekshirayotganini aytgan hodisalarni ham oʻrgandi. Isroil 1967 yilgi urushdan beri bu hududni egallab keladi va u yerda oʻnlab turar joylar qurgan, bu xalqaro huquqga koʻra noqonuniy hisoblanadi.
BMT Insonparvarlik yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2023 yil 11 oktyabrdan beri Gʻarbiy sohilda Isroil kuchlari tomonidan 1 000 dan ortiq falastinlik halok boʻlgan.
BBC Verify hududdagi hodisalar boʻyicha 50 dan ortiq IDF tekshiruvlarini koʻrib chiqdi, ularning kamida 26 tasi ayollar va bolalarning oʻldirilishi yoki yarador boʻlishi bilan bogʻliq.
Shunday holatlardan biri 2024 yil sentyabr oyida Jenin tashqarisida sodir boʻlgan, oʻshanda Isroil kuchlari Isroil operatsiyasi paytida 16 yoshli Lujayn Muslehni oʻldirgani xabar qilingan edi.
Lujaynning otasining aytishicha, askarlar qoʻshni uyni oʻrab olganidan soʻng, u Kafr Dandagi uyining derazasidan qarab turganda boshiga oʻq tekkan.
Isroil harbiylari oʻsha paytda qurollangan jangarilar askarlarga qarata oʻt ochganini, ular «ularni kuzatgan gumonlanuvchiga qarata javob oʻti ochganini» va tafsilotlar koʻrib chiqilayotganini aytgan edi.
BBC Verify shuningdek, Livandagi zarar yetkazish hodisalari boʻyicha 40 ga yaqin IDF tekshiruvlarini topdi.
Shia musulmon qurolli guruhi Hizbulloh 7 oktyabrdagi hujumlardan soʻng Hamasni qoʻllab-quvvatlab Isroilga raketalar otdi. Oʻshandan beri Isroil Livanga ikkita yirik bosqinni amalga oshirdi, mamlakat sogʻliqni saqlash organlariga koʻra, u yerda 4 000 dan ortiq odam halok boʻlgan.
BBC Verify tomonidan aniqlangan IDF tekshiruvlaridan biri 2024 yil 10 noyabrda boʻlib oʻtgan.
Voqea oqibatlari aks etgan tekshirilgan tasvirlarda binolar vayron boʻlgan joyda vayronalar va bukilgan metall parchalari orasidan tutun koʻtarilgani koʻringan. IDF oʻsha paytda Hizbulloh faoliyat yuritgan va qurol-yarogʻ saqlagan joyni nishonga olganini va hodisa koʻrib chiqilayotganini aytgan edi.
Ilgari IDF bilan yaqindan ishlagan Reding universitetining xalqaro huquq professori Maykl Shmitt Isroil harbiylarining yuridik boʻlimi «qonunni tushunish nuqtai nazaridan oltin standart» ekanini aytdi va «qoidabuzarlik sodir boʻlgani haqidagi har bir ayblov avtomatik ravishda toʻliq tekshiruvni boshlab yubormasligini» qoʻshimcha qildi.
Shmitt IDF tekshiruv tafsilotlarini yoki tekshiruv oʻtkazmaslik haqidagi qarorni oshkor qila olmasligining bir nechta sabablari boʻlishi mumkinligini aytdi. «Masalan, siz operativ tafsilotlarni yoki muayyan jangovar qoidalarni oshkor qilishni xohlamaysiz, chunki dushman kuchlari moslashadi», dedi u va qoʻshimcha qildi: «Va hatto siz tekshiruv oʻtkazganingizda ham, [uning] koʻp elementlari maxfiy boʻlib qoladi.»
Oksford Etika, huquq va qurolli mojarolar instituti (ELAC) hammudiri boʻlgan Dill shunday dedi: «Bu operatsiya boshlanganiga uch yil boʻldi, ushbu tekshiruvlarning baʼzilari yakunlanishi kerak edi.»
Uning aytishicha, zarar yetkazish hodisalarini tekshirishga kelganda, «Isroil xalqaro hamjamiyatning tekshirishga boʻlgan urinishlarini noqonuniy deb topish uchun oʻzining qonun ustuvor mamlakat ekani haqidagi argumentiga juda tayanib kelmoqda».
«Agar bizda tekshirilmagan yoki tekshiruvlari toʻxtab qolgan hujjatlashtirilgan suiisteʼmollik holatlari boʻlsa va ularning paysalga solinayotganiga ishonish uchun asosli sabablarimiz boʻlsa, bu Isroilning javobgarlikni taʼminlashga toʻliq qodir ekani haqidagi qarashni xavf ostiga qoʻyadi», deya qoʻshimcha qildi u.

