Mahalliy

Bayram kunlari avtobus, elektropoyezd, samolyotlar qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi

O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram kunlarida mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni istaganlar uchun qo‘shimcha avtobus, elektropoyezd va samolyot qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, bayram kunlarida aholining O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ichki turizmni rag‘batlantirish hamda sayyohlik hududlariga borish-kelish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida temiryo‘l, avtomobil va havo transporti yo‘nalishlarida qo‘shimcha qatnovlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Temiryo‘l transportida Toshkent—Xiva—Toshkent, Toshkent—Qo‘ng‘irot—Toshkent, Toshkent—Shovot—Toshkent, Toshkent—Termiz—Toshkent va Toshkent—Sariosiyo—Toshkent yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar tarkibiga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.

Shuningdek, Toshkent—Samarqand—Toshkent, Toshkent—Buxoro—Toshkent va Toshkent—Urganch—Toshkent yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu qo‘shimcha qatnovlar bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davomida muntazam saqlanadi.

Avtomobil transportida viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Xususan, Toshkent—Janubiy temiryo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratilib, bayramdan kamida 3 kun oldin Toshkent—Samarqand—Buxoro—Urganch—Nukus yo‘nalishlaridagi avtobuslar shu yerga joylashtiriladi.

Havo transporti orqali ham turistik yo‘nalishlarga sayohat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi. Bayramdan kamida ikki kun oldin Toshkent—Urganch, Toshkent—Nukus, Toshkent—Buxoro va Toshkent—Termiz yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.

“Ko‘rilayotgan mazkur choralar bayram kunlarida aholining mamlakatimiz hududlari bo‘ylab sayohatlarini ko‘paytirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda yurtimizning tarixiy, madaniy va tabiiy turistik maskanlariga tashriflar uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Bu yil O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi nishonlanadigan kunlarda mamlakat aholisi ketma-ket 3-4 kun dam oladi. Haftasiga besh kun ishlovchilar uchun ketma-ket to‘rt kun (29-avgust — 1-sentyabr), olti kun ishlovchilar uchun esa ketma-ket uch kun (30-avgust — 1-sentyabr) dam bo‘ladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.