Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbari etib tayinlandi.
Ushbu tayinlov xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida e’lon qilindi. Inoqov Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan.
Sessiya davomida viloyatdagi kriminogen vaziyat va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida viloyatdagi 723 ta mahalladan 528 tasida, ya’ni 73 foizida jinoyat qayd etilmagan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla "qizil" toifada qolayotgani tanqid ostiga olindi. Yangi boshliqqa jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarning ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, 21-avgust kuni Surxondaryo IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Timur Ismoilov Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i etib tayinlangan edi.

