“Bavariya” rasmiylari Musialaning salomatligi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi

"Bavariya" rasmiylari Musialaning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
"Bavariya" klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani va sport direktori Maks Eberl Jamol Musialaning salomatligi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan yangi tafsilotlarni oshkor qildi.
23 yoshli futbolchida nevrologik buzilish tufayli qisqa muddatli epileptik xurujlar, ya’ni absanslar kuzatilgan. Eberlning so‘zlariga ko‘ra, klub bu muammo haqida o‘tgan mavsum davomida xabardor bo‘lgan va Musialaning holati ustida muntazam ish olib borgan.
Musialaning yaqinda "Leypsig" va "Haydenhaym"ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonda hushini yo‘qotishi davolash jarayonidagi o‘zgarish bilan bog‘liq bo‘lgan.
"U davolash usulini biroz o‘zgartirdi. Bu ayrim nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqardi. Shu sababli birinchi va ikkinchi holat yuz berdi. Davolash jarayonida vaqti-vaqti bilan boshqa usulni sinab ko‘rish mutlaqo normal holat", dedi Kompani.
Eberlning ta’kidlashicha, hozirgi asosiy vazifa Musialaning dori-darmonlarini to‘g‘ri moslashtirib, uni avvalgi kabi uzoq vaqt davomida xurujlarsiz holatga qaytarishdir.
Kompani Musialaning holati klub ichida vahima uyg‘otmayotganini ham qayd etdi. Uning aytishicha, "Bavariya" futbolchining sog‘lig‘i bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tavsiyalariga amal qilmoqda.
Musiala hozircha individual mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda va 23-avgust kuni "Borussiya Dortmund"ga qarshi Germaniya Superkubogi uchrashuvida maydonga tushmaydi. Bu qaror uning umumiy holatidan xavotir sabab emas, balki davolashdagi so‘nggi o‘zgarishga moslashishi uchun qabul qilingan.
Kompani futbolchining sport formasiga ham ijobiy baho berdi. Murabbiyning fikricha, Musiala jarohatidan keyingi davrda sezilarli rivojlanishga erishgan va yana avvalgi darajasiga qaytish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Musiala Bundesliga yangi mavsumining ilk turida "Shtutgart"ga qarshi uchrashuvda tarkibga qaytishi kutilmoqda.

