«Bavariya» futbolchisi to‘rt kun ichida ikkinchi bor hushidan ketib qoldi
Jamol Musiala o‘tgan hafta oxirida «Leypsig» bilan o‘yinda o‘zini yomon his qilgan, o‘shanda uni issiq urgani aytilgandi. Bu safar u «Haydenhaym» bilan o‘yinda zaxiradan tushganidan ko‘p o‘tmay vaqt gazonga quladi.

«Bavariya» futbolchisi to‘rt kun ichida ikkinchi bor hushidan ketdi
Germaniyadan xavotirli xabar: «Bavariya» klubining yosh yulduzi Jamol Musiala to‘rt kun ichida ikkinchi marta o‘zini yomon his qildi. Germaniyalik yarimhimoyachi bu safar «Haydenhaym» bilan o‘rtoqlik o‘yini vaqtida hushini yo‘qotdi.
23 yoshli Musiala ilk bor 14-avgust kuni «RB Leypsig» bilan kechgan o‘rtoqlik o‘yinida issiq tufayli o‘zini yomon his qilgandi. U o‘shanda o‘yinning 83-daqiqasida, raqib darvozasini ishg‘ol etganidan bir necha daqiqa o‘tganida hushini yo‘qotgandi. Jamoadoshi Ismoil Saybari Jamolning ahvoli yaxshi emasligini o‘z vaqtida payqagan va yugurib kelib uni quchoqlab olgandi. U bu jonbozligi tufayli Musiala gazonga yiqilishining oldini olgandi.
Tibbiyot shtabi bir necha daqiqa davomida futbolchiga yordam ko‘rsatishdi. Shundan keyin Jamol mustaqil ravishda maydonni tark eta olgan. Bild ma’lumotiga ko‘ra, futbolchini o‘shanda issiq urgan: «Jamol Musiala jazirama tufayli bosh aylanishi va qon aylanishidagi muammolardan shikoyat qildi. Ushbu hodisadan so‘ng «Bavariya» shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvlar hozircha hech qanday muammoni aniqlamadi. 23 yoshli futbolchiga bir necha kun dam olish va tiklanish kerak bo‘lishi taxmin qilinmoqda».
«Bavariya» sport direktori Maks Eberl esa «Jamol bilan barchasi joyidaligi va bu eng muhimi» ekanini aytdi.
Keyingi kuni Musiala mashg‘ulot maydoniga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy hamrohligida tashrif buyurib, driblinglarni qayta ishlab, darvozaga zarbalar berish bilan shug‘ullangan holda individual mashg‘ulot o‘tkazgan. Mashg‘ulot chog‘ida uning salomatligida muammo kuzatilmagan, u testlarni muvaffaqiyatli topshirgan.
Ammo 18-avgust kuni vaziyat takrorlandi. Musiala yana o‘zini yomon his qildi va gazonga yiqildi. Jamoadoshlari va raqib jamoa futbolchilari shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilayotganida uni kameralardan to‘sish uchun halqa hosil qilib turishdi. Ko‘p o‘tmay futbolchi o‘rnidan turdi va tibbiyot xodimlariga suyangancha maydonni tark etdi. E’tiborli jihati, u zaxiradan o‘yinga qo‘shilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagandi (61-daqiqada tushgandi va 68 daqiqada almashtirildi).
Voqeadan bir necha soat o‘tib futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘z holati haqida bayonot berdi: «Avvaliga eng asosiysi – men bilan hammasi joyida! Birinchi navbatda, xabarlaringiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun juda minnatdorman! Ko‘pchiligingiz xavotirda ekaningizni tushunib turibman. Bugun men xavotirlaringizni tarqatishni va ba’zi narsalarni tushuntirib berishni xohlayman. Menda nevrologik disfunksiya tufayli yuzaga kelgan qisqa muddatli, ammo davolanishi oson bo‘lgan absanslar (qisqa muddatga hushni yo‘qotish) tashxisi qo‘yilgan. Bu, masalan, «Leypsig»ga qarshi o‘yinda yoki hozir «Haydenhaym» bilan bo‘lgani kabi holatlarga olib kelishi mumkin. Bilaman, bir qarashda bu qo‘rqinchli ko‘rinadi, ammo hozirgi vaqtda ular kundalik hayotimning bir qismidir. Men a’lo darajadagi tibbiy yordam olyapman va juda ko‘tarinki kayfiyatdaman. «Bavariya» va atrofimdagilar bu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Shuni ta’kidlash muhimki, sog‘lig‘im uchun boshqa hech qanday xavf yo‘q. Mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda bu chorlovni qabul qilish mening shaxsiy xohishim edi va nevrologlarning ruxsati bilan sog‘ayishimga eng ko‘p yordam beradigan ish bilan shug‘ullanishni davom ettirmoqchiman – shunchaki o‘zimning kundalik hayotim bilan yashash va butun vujudim bilan futbol o‘ynashda davom etish. Buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim. Umuman olganda, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman va to‘g‘ri yo‘ldaman. Menga eng ko‘p yordam beradigan narsa – bu sizning qo‘llab-quvvatlovingiz ostida jamoam bilan g‘alabalar va titullarni qo‘lga kiritishda davom etish.
Umid qilamanki, bu meni yaxshiroq tushunishingizga yordam beradi. Shu bilan birga, vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishingizga umid qilgan holda, bundan buyon ushbu mavzuni faqat eng yaqin tanishlarim, klub va ekspertlar doirasida saqlab qolishni istardim. Katta rahmat!»
Barcha Jamolni qo‘llab-quvvatlamoqda
Musialaning posti ostida o‘n minglab izoh qoldirildi. Ularning aksari futbolchini qo‘llab-quvvatlab yozilgan.
«Tezroq tuzalib ket», – deydi Ispaniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Pedri.
«Xavotirlanma, do‘stim, biz sen bilanmiz», – deya qayd etadi «Bavariya»ning sobiq futbolchisi Tomas Myuller.
«Barchamiz sen bilan», – deya qo‘shimcha qiladi Musialaning jamoadoshi Aleksandr Pavlovich.
Bundan tashqari, izohlarda Manuel Noyer, Florian Virs, David Alaba, Dayot Upamekano, Luis Dias, Jud Bellinghem va boshqa ko‘plab taniqli futbolchilarni uchratish mumkin.
Jamol uchun bunday qo‘llov o‘ta muhim. O‘tgan mavsum avvalida olingan og‘ir jarohati tufayli u Bundesligada mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborgan va faqat mavsum oxiriga kelib maydonga tusha boshlagandi.
Musiala «Bavariya» safida 2020-yildan buyon o‘ynab keladi. U myunxenliklar bilan olti marta Germaniya chempioni bo‘lgan (2019/20, 2020/21, 2021/22, 2022/23, 2024/25, 2025/26), mamlakat kubogi (2025/26), UYeFA Superkubogi (2020) va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligini (2020) qo‘lga kiritgan.

