“Barselona” yangi futbolchisini ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti — Marca

“Barselona” yangi futbolchisi Dominik Livakovichni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolarga duch kelmoqda, deb xabar beradi Marca.
Kataloniya klubi 27-avgust kuni xorvatiyalik posbonning transferini rasman e’lon qilgan edi. Dastlab, klub rahbariyati bu yozda yangi darvozabon sotib olishni rejalashtirmagan edi. Biroq, sport direktori Deku kelajakda Voytsex Shesniga munosib o‘rinbosar tayyorlash maqsadida 31 yoshli Livakovich transferini oldindan hal qilishga qaror qildi.
Dastlabki reja bo‘yicha, xorvatiyalik futbolchi jamoaga 2027/2028-yilgi mavsumda, Shesnining shartnomasi tugagach qo‘shilishi kerak edi. Ammo vaziyat o‘zgarib, “Barselona” uni joriy mavsumning o‘zidayoq sotib olishga qaror qildi. Marca nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya chempionatining moliyaviy feyr-pley va maoshlar limiti bilan bog‘liq qat’iy qoidalari sababli klub hozirda yangi o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti.
Agar “Barselona” transfer oynasi yopilguniga qadar maoshlar limitida joy ocholmasa, Livakovich ijara asosida boshqa jamoaga o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, kataloniyaliklar ushbu transfer uchun Turkiyaning “Fenerbaxche” klubiga 2 million yevro to‘lagan. Shartnomadagi ma’lum talablar bajarilsa, turk klubi yana shuncha miqdorda bonus olishi ko‘zda tutilgan.

