“Barselona” Xulian Alvaresning o‘rniga munosib nomzod topdi

“Barselona” Xulian Alvaresga muqobil variant topdi
“Barselona” sport direktori Deku o‘tgan hafta Milan shahrida “Inter” hujumchisi Lautaro Martinesning agenti bilan uchrashdi. Jurnalist Jerar Romeroning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvda argentinalik futbolchining Kataloniya klubiga o‘tish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Agar Xulian Alvaresning “Atletiko”dan transferi amalga oshmay qolsa, “Barselona” Martinesni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqadi. Kataloniyaliklar “Inter” bilan muzokaralarni boshlashga tayyor ekanliklari aytilmoqda. Martinesning nomi avval ham bir necha bor “Barselona” bilan bog‘langan edi, ammo jamoaning hozirgi markaziy hujumchiga bo‘lgan ehtiyoji bu transferning amalga oshish ehtimolini oshiradi.
Qayd etish joizki, 28 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda barcha musobaqalarda jami 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urgan va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Lautaroning Milan klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, argentinalik futbolchining hozirgi bozor qiymati 85 million yevroni tashkil etadi.

