Sport

“Barselona” vingeri uzoq muddatga safdan chiqdi

"Barselona"ning 20 yoshli vingeri Runi Bardagji 2026/27-yilgi mavsum boshlanishidan avval jiddiy jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Insayder Fabritsio Romanoning X ijtimoiy tarmog‘idagi ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining tizzasining oldingi xochsimon bog‘lami (ACL) uzilgan. Bu jarohat tufayli u 6-7 oy davomida maydonga tusha olmaydi.

Avvalroq, Entoni Gordon va Karim Adeyemi kabi hujumkor futbolchilar "Barselona"ga kelganidan so‘ng Bardagjining klubni tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga Bundesliga, Erediviziya, Liga 1, Portugaliya chempionati va A Seriya klublari qiziqish bildirgan.

Bardagjiga da’vogarlik qilayotgan klublar orasida "Aston Villa", "Sanderlend", "Everton", "Fulhem", "Brayton", "Lids Yunayted", "Ayaks", "Marsel", "Portu", "Yuventus" va Dortmundning "Borussiya" klublari nomi tilga olingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, shvetsiyalik futbolchi 2023/2024-yilgi mavsumda ham tizzasidagi jarohat sabab 11 oy davomida maydonga tusha olmagan edi.