“Barselona” Gabriel Jezusni sotib oladi — Romano

**"Barselona" Gabriel Jezusni sotib oladi — Romano**
Londonning "Arsenal" va Kataloniyaning "Barselona" klublari braziliyalik hujumchi Gabriel Jezusning transferi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishdi. Taniqli insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, transfer narxi kafolatlangan 10 million yevro va 4 million yevro miqdoridagi bonuslardan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar transferga oid barcha hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lgan. Unga ko‘ra, londonliklar hujumchining kelajakdagi ehtimoliy sotuvidan 20 foiz ulush oladi.
Rejaga ko‘ra, Jezus 31-avgust, dushanba kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tish va shartnoma imzolash uchun Barselonaga yetib boradi. Braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar bilan 2028-yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan bitim imzolaydi. Shartnomada uni yana bir mavsumga uzaytirish bandi ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jezus "Arsenal" safida 2022-yilning yozidan buyon harakat qilib keladi (uning amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan edi). U 2025/2026-yilgi mavsumda London klubi safida jami 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta golga mualliflik qildi. Ma’lumot o‘rnida, hujumchi 2025-yilning yanvar oyida chap tizzasidan og‘ir jarohat olib, o‘sha yilning dekabr oyidagina maydonga qaytgan edi.

