Iqtisodiyot

Banklarga qaytarish muddati oʻtib ketgan kreditlar keskin koʻpaydi

Banklarga qaytarish muddati oʻtib ketgan kreditlar keskin koʻpaydi

Oʻzbekistonda banklardagi muammoli kreditlar hajmi yetti oy ichida 32,5 foizga oshdi. Markaziy bank eʼlon qilgan hisobotda oʻz vaqtida qaytarilmagan qarzlar qiymati keltirilgan.

2026-yil 1-avgust holatiga koʻra, respublikadagi banklarda muammoli kreditlar 23,93 trln soʻmni tashkil etdi. Yil boshida bu koʻrsatkich 18,05 trln soʻm edi. Demak, yetti oyda muammoli qarzlar 5,9 trln soʻmga yoki 32,5 foizga ko‘paygan.

### Katta ulush davlat banklarida

Muddati oʻtgan muammoli kreditlarning qariyb 16,8 trln soʻmi, yaʼni 70,2 foizi davlat banklari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu summa joriy yil boshidagidan 3,97 trln soʻmga yoki 30,9 foizga yuqori.

Qaytarilmagan qarzlarning eng katta ulushi Milliy bankka — 3,2 trln soʻm va Agrobankka — 3,18 trln soʻm toʻgʻri kelgan. Muammoli kreditlar hajmi bo‘yicha keyingi oʻrinlarda Mikrokreditbank (2,3 trln soʻm), Oʻzsanoatqurilishbank (1,9 trln soʻm) va Asaka bank (1,8 trln soʻm) qayd etilgan.

Shuningdek, Xalq banki hamda Biznesni rivojlantirish banki ajratgan 1,53 trln soʻmdan qarzlarining har biri oʻz muddatida qaytarilmagan.

Yetti oy davomida muammoli kreditlari eng ko‘p oshgan bank Mikrokreditbank bo‘lgan. Uning yil boshidagi muddati oʻtgan qarzlari 894 mlrd soʻm edi. Avgustga kelib bu miqdor salkam 1,4 trln soʻmga yetgan.

### Xususiy banklar koʻrsatkichlari

Shakllangan jami muammoli kreditlarning 7,12 trln soʻmi, yaʼni umumiy qiymatning 29,8 foizi xususiy banklar tomonidan ajratilgan. Bu ko‘rsatkich yil boshidagiga nisbatan 1,9 trln soʻmga yoki 36,5 foizga koʻp.

Muddati oʻtgan qarzlarning eng katta qismi Kapitalbank hissasiga toʻgʻri kelgan — 1,2 trln soʻm. Ipoteka-bank 1,1 trln soʻm, TBC bank esa 1,03 trln soʻm qarzni muddatida undira olmagan.

Anorbank ajratgan qarzlarning 946 mlrd soʻmi muammoli kreditlarga aylangan. Qolgan xususiy banklarda qaytarilmagan qarzlar ulushi 400 mlrd soʻmdan kam.

Yetti oy ichida muammoli qarzlar eng tez Anorbankda 467 mlrd soʻmga va TBC bankda 446 mlrd soʻmga oshgan.

Jami 34 ta bank orasidan faqat Oktobank, Uzum bank, KDB Bank Oʻzbekiston hamda Soderot bank hisobida muammoli kreditlar yoʻqligi qayd etilgan.

Umuman olganda, respublikada soʻnggi besh yil davomida muammoli kreditlar ulushi sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2021-yil 1-yanvarda jami muddati oʻtgan qarzlar 5,8 trln soʻm edi. Oradan bir yil oʻtib bu raqam birdaniga 17 trln soʻmga chiqqan. Mazkur keskin oʻsish pandemiya va undan keyingi tiklanish davriga toʻgʻri kelgan. 2023-yil yanvarda 14 trln soʻmlik, 2024-yil boshida 16,6 trln soʻmlik muammoli kreditlar qayd etilgan. 2025-yil yanvarida muammoli qarzlar 21 trln soʻmdan oshib ketgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.