Mahalliy

Banklardan qarz olganlarning 29 foizida bittadan ortiq kredit mavjud — Markaziy bank

**Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda bankdan qarz oluvchilarning 29 foizida bir nechta kredit mavjud**

Oʻzbekistonda banklardan qarz olganlarning deyarli uchdan bir qismi, aniqrogʻi 29 foizi bir vaqtning oʻzida bir nechta kreditga ega. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy ommaboplik boʻyicha ilk hisobotida qayd etilgan. Hisobotga koʻra, bir qarz oluvchiga oʻrtacha 1,7 ta kredit toʻgʻri keladi.

**Bir nechta kredit olish tendensiyasi kuchaymoqda**

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, respublikadagi katta yoshli aholining 20 foizi banklarda faol kredit hisobvaragʻiga ega. Yana 7 foiz aholi tartibga solinadigan mikromoliya tashkilotlarida kreditlardan foydalanadi.

"Bank qarz oluvchilarining 29 foizida bittadan ortiq kredit mavjud boʻlib, bir qarz oluvchiga oʻrtacha 1,7 ta kredit toʻgʻri keladi. Bu natija bir qarz oluvchining bir nechta kreditdan foydalanish amaliyoti keng tarqalganini, kreditdan foydalanish darajasi va qamrovi ortib borayotganini koʻrsatadi", deyiladi hisobotda.

**Kredit portfelida ayollarning ulushi yuqori**

Tadqiqotga koʻra, ayollar orasida bank kredit hisobvaragʻiga ega boʻlganlar ulushi 19 foizni tashkil etadi, bu katta yoshli aholi boʻyicha umumiy koʻrsatkichdan (20 foiz) 1 foiz bandga past. 2025-yilda ajratilgan yangi chakana kreditlar hajmining 35 foizi va chakana kredit portfeli qoldigʻining 38 foizi ayollar hissasiga toʻgʻri kelgan.

"Ayollar bazaviy bank mahsulotlaridan foydalanishda mamlakat miqyosidagi umumiy darajaga deyarli teng ishtirok etmoqda. Voyaga yetgan ayollarning 86 foizi va katta yoshli aholining 86 foizi bank hisobvaragʻiga ega", deyiladi regulyator tahlilida.

**Muammoli kreditlar uchun yetarli zaxiralar mavjud**

Aholining jami kreditlari tarkibida muammoli qarzlar ulushi 3 foizni tashkil etadi. Banklarda muammoli qarzdorlikni qoplash uchun yetarli zaxiralar shakllantirilgan. Regulyator kredit qiymati va shartlarining shaffof va tushunarli boʻlishiga eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidlagan. Shuningdek, toʻlov miqdori va jadvalining qarz oluvchining moliyaviy imkoniyatlariga mos kelishi diqqat markazida boʻlishi lozimligi qayd etilgan.

"Chunki sifatli kreditlash ajratilgan kreditlar soni bilan emas, balki moliyalashtirishning mijoz ehtiyojlariga qanchalik mos kelishi va qarz oluvchi tomonidan ortiqcha qarz yukini yuzaga keltirmagan holda oʻz vaqtida toʻlanishi bilan belgilanadi", deyiladi hisobotda.

**Kichik va oʻrta biznes kreditlari boʻyicha koʻrsatkichlar**

Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining qariyb 24 foizi bank yoki mikromoliya tashkilotida faol kredit hisobvaragʻiga ega. Kredit byurosida (KATM) qayd etilgan subyektlar ulushi esa taxminan 68 foizni tashkil etadi.

Ushbu toifadagi tadbirkorlik subyektlariga ajratilayotgan mikrokreditlarning 5 foizi toʻliq onlayn kanallar orqali rasmiylashtirilgan. "Bu biznes uchun kredit olish jarayonlarini raqamlashtirish hali dastlabki bosqichda ekanini koʻrsatadi", deb xulosa bergan regulyator.

Kichik va oʻrta bizneslarga ajratilgan kreditlar banklar jami kredit portfeli qoldigʻining 36 foiziga teng. Hisobotda kichik va oʻrta biznes subyektlarini kreditlash bozorida konsentratsiya indeksi yuqoriligi bildirilgan, bu bozorda bir nechta faol ishtirokchi mavjudligini va kreditlashning muayyan darajada jamlanganini anglatadi.

Avvalroq banklardan kredit olgan aholining taxminan 27 foizi, yaʼni 1,4 million kishida ikki yoki undan ortiq krediti borligi xabar qilingandi. Yangi tahlilda mazkur koʻrsatkich 2 foizga oshgan.

Joriy yil iyul oyi boshida banklarning umumiy muammoli kreditlari miqdori 23 trln soʻmga yaqinlashgan. Qaytarilishi muammoga aylangan kreditlarning qariyb 70 foizdan ortigʻini davlat banklari ajratgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.