Banklardagi depozitlar miqdori bir yilda 34 foizga koʻpaydi — Markaziy bank

Banklardagi depozitlar bir yil ichida 34 foizga oshdi — Markaziy bank
Oʻzbekistondagi banklarda aholi va biznesga tegishli jami depozitlar hajmi bir yil davomida qariyb 34 foizga koʻpaydi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.
2026-yil 1-avgust holatiga koʻra, depozitlar hajmi 482,7 trln soʻmga yetgan. 2025-yilning shu davrida bu koʻrsatkich 360,4 trln soʻmni tashkil etgan edi. Shunday qilib, yillik hajm 122 trln soʻmdan ortiqroq, yaʼni 34 foizga oshgan.
“Koʻrsatkichlar bank tizimida moliyaviy resurslar bazasi kengayayotganini koʻrsatmoqda. Depozitlarning kreditlarga nisbatan yuqoriroq surʼatda oʻsishi banklarning ichki resurslar bazasini kengaytirishga xizmat qilmoqda”, deya maʼlum qildi Markaziy bank.
Qayd etilishicha, depozitlarning 142 trln soʻmi, yaʼni umumiy miqdorning 29 foizi talab qilib olinguncha, yaʼni pulni istalgan payt olish mumkin boʻlgan turga kiradi. Yana 175,7 trln soʻm bir yilgacha boʻlgan muddatga (36 foiz), 164,94 trln soʻm esa uzoq muddatli, yaʼni bir yildan ortiq depozitlar hisoblanadi.
2016-yil 1-avgust holatiga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiy tarixida ilk bor pul massasi eng yuqori qiymat — 434,5 trln soʻmga yetgani xabar qilingandi. Markaziy bank ilk bor eʼlon qilgan pul massasi miqdori 2013-yil 1-fevralda 24,4 trln soʻm boʻlgan. 2024-yil boshiga kelib, bu koʻrsatkich 242,2 trln soʻmga yetdi. Yaʼni 11 yil davomida qariyb 10 baravarlik oʻsish qayd etilgan.

