Iqtisodiyot

Banklar qarz evaziga olingan mol-mulkni toʻgʻridan toʻgʻri sota oladi

Oʻzbekistonda qarzdorlikni sudga murojaat qilmasdan undirishni ragʻbatlantirish maqsadida banklar, investitsiya kompaniyalari va ayrim koʻchmas mulk xaridorlariga soliq imtiyozlari beriladi. Qarz evaziga bankka ixtiyoriy topshirilgan mol-mulkni toʻgʻridan toʻgʻri sotishga ham ruxsat etiladi.

Banklar qarz evaziga olingan mol-mulkni bevosita sotishi mumkin bo‘ladi

Hujjatga muvofiq, 2030-yil 1-yanvargacha qarzdorlik evaziga tijorat banklari balansiga olingan hamda banklar muassisligidagi investitsiya kompaniyalari balansida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan bir qator soliq imtiyozlari qo‘llanadi.

Jumladan, bunday ko‘chmas mulkni o‘z balansiga qabul qilayotgan tijorat banklari 6 oy muddatga mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.

Banklar muassisligidagi investitsiya kompaniyalari uchun esa ushbu imtiyoz mol-mulk balansga qabul qilingan kundan boshlab 12 oy davomida amal qiladi.

Shuningdek, mazkur ko‘chmas mulk obyektlarini to‘liq qiymatini to‘lab xarid qilgan xaridorlar ham 12 oy davomida mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lamaydi.

Yana bir imtiyoz qarzdorning mol-mulkni bankka ixtiyoriy topshirishi bilan bog‘liq. Agar yuridik shaxs qarzdorlik evaziga mol-mulkdan voz kechish to‘g‘risidagi shartnoma asosida o‘z mulkini tijorat bankiga ixtiyoriy ravishda topshirsa, u QQS to‘lashdan ozod qilinadi.

Tijorat banklari balansiga qarzdorlik evaziga qabul qilingan mol-mulkni bir yildan ortiq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishda ham QQSni hisoblashning alohida tartibi joriy etiladi. Bunda QQS mol-mulkning to‘liq sotish qiymatidan emas, balki uning sotish qiymati bilan balans qiymati o‘rtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

Qarzdorlikni suddan tashqari tartibda undirishni rag‘batlantirish maqsadida davlat ishtirokidagi banklarga qo‘shimcha imkoniyatlar ham beriladi.

Qarzdor mol-mulkidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risidagi shartnoma asosida davlat ishtirokidagi bankka berilgan mol-mulkni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat etiladi.

Bunday mol-mulkni faqat bir yo‘la to‘lov asosida emas, balki kreditga, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan, lizing orqali yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar asosida ham sotish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, garovdagi mol-mulkni bankka o‘tkazish jarayonini yengillashtirish ham nazarda tutilgan.

Mol-mulk bankka berilayotganda soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik sababli soliq organlari yoki Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘yilgan taqiqlar mavjud bo‘lsa ham, notariuslarga tegishli notarial bitimlarni amalga oshirish vakolati beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.