Iqtisodiyot

Bank yopilsa, omonatchilarga 200 mln soʻmgacha kompensatsiya toʻlash tartibi belgilanmoqda

Oʻzbekistonda bank litsenziyasi chaqirib olinib, majburiy tugatilgan taqdirda omonatchilarga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlashning yangi tartibi taklif etilmoqda. Loyihaga koʻra, bir bankda bir omonatchiga 200 mln soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi, 2027-yildan esa omonatchilarning kamida 75 foiziga yetti ish kuni ichida kompensatsiya olish imkoniyati yaratilishi kerak.

Bank yopilgan taqdirda omonatchilarga 200 mln soʻmgacha kompensatsiya toʻlash tartibi joriy etilmoqda

Markaziy bank Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar yuzasidan kompensatsiya toʻlashning tartibi va shartlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizom loyihasini tayyorladi.

Hujjatda kompensatsiya toʻlashga tayyorgarlik koʻrish, kafolatlanadigan omonatlar hamda kompensatsiya miqdorini aniqlash, omonatchilar reyestrini shakllantirish, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi, banklar, tugatuvchi va agent-banklar oʻrtasidagi hamkorlik tartibi belgilab qoʻyilmoqda.

Loyihaga muvofiq, bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinib, bankni majburiy tugatish haqida Markaziy bank qarori qabul qilinishi «kafolatlash hodisasi» hisoblanadi.

Bunday holat yuz berganda omonatchi Agentlikdan kafolatlangan omonati boʻyicha kompensatsiya talab qilish huquqiga ega boʻladi.

Kompensatsiya milliy valyutada toʻlanadi. Agar omonat chet el valyutasida boʻlsa, kompensatsiya kafolatlash hodisasi yuz bergan kundagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmga qayta hisoblanadi.

Loyihada bir bankda bir omonatchiga toʻlanadigan kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 200 mln soʻm etib belgilanmoqda.

Agar kafolatlangan omonat qoldigʻi 200 mln soʻm yoki undan kam boʻlsa, uning toʻliq miqdori kompensatsiya qilinadi. Omonat 200 mln soʻmdan oshsa, kompensatsiya 200 mln soʻmni tashkil etadi.

Bir omonatchining bir bankda bir nechta kafolatlangan omonati mavjud boʻlsa, kompensatsiyani aniqlashda ular jamlanadi. Chet el valyutasidagi omonatlar ham soʻmga qayta hisoblanib, milliy valyutadagi omonatlarga qoʻshiladi.

Mazkur 200 mln soʻmlik chegara jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning 2025-yil 19-fevraldan boshlab qoʻyilgan tegishli omonatlariga nisbatan qoʻllanilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning 2025-yil 19-fevraldan oldin qoʻyilgan omonatlariga ushbu chegara umumiy qoida tariqasida tatbiq etilmaydi. Loyihada bundan ayrim istisnolar ham belgilangan.

Nizom loyihasiga koʻra, jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning banklardagi milliy hamda chet el valyutasidagi omonatlari kafolatlash obyekti hisoblanadi.

Bank omonati yoki bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha hisoblangan, ammo kafolatlash hodisasi yuz berguniga qadar toʻlanmagan foizlar qoldigʻi ham belgilangan shartlarda hisobga olinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.