Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi InfoCards tizimi joriy etildi
Yangi tizim bank kartasining qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan, qachon va qanday sababga koʻra bloklanganiga oid maʼlumotlarni tezkor aniqlash imkonini beradi.

Bank kartasi nima sababdan bloklanganini aniqlash imkonini beruvchi InfoCards tizimi ishga tushirildi
Markaziy bank, tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimi operatorlari oʻrtasida InfoCards axborot almashinuvi tizimi joriy etildi, deya xabar berdi regulyator axborot xizmati.
Yangi tizim bank kartasi bloklangan holatda uning qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan, qachon va qanday sababga koʻra bloklanganiga oid maʼlumotlarni tezkor aniqlash imkonini beradi.
Endilikda buning uchun fuqaroning qoʻshimcha ravishda Markaziy bankka murojaat qilishi talab etilmaydi. Karta egasi oʻziga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki bilan bogʻlanishi kifoya. Bank InfoCards tizimi orqali tegishli maʼlumotlarni aniqlab, kartaning bloklanishi yuzasidan tushuntirish beradi.
Mazkur tizim fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha ovoragarchilikni kamaytirish hamda bank xizmatlaridan foydalanishda tezkorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.

