Bank hisobvaraqlariga oid tartib oʻzgardi: tadbirkorlar va fuqarolar uchun qanday yangiliklar bor?
Oʻzbekistonda toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonidagi tadbirkorlar uchun maxsus bank hisobvaraqlari ochilishi belgilandi. Shuningdek, fuqarolarga oʻzining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi maʼlumotlarni istalgan bankdan olish hamda hisobvaraq ochishda xorijga chiqish biometrik pasportidan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bank hisobvaraqlariga oid tartib oʻzgardi: tadbirkorlar va fuqarolar uchun qanday yangiliklar bor?
Adliya vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi haqidagi yoʻriqnomaga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Idoraviy hujjat 2026-yil 20-oktabrda 3420-3 raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi tartibga binoan, tadbirkorga nisbatan sanatsiya, tashqi boshqaruv yoki tugatish tartib-taomili qoʻllansa, uning mablagʻlarini boshqarish uchun bankda maxsus hisobvaraq ochiladi.
Shu bilan birga, tadbirkorning asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlari boʻyicha chiqim operatsiyalari toʻxtatiladi. Ulardagi mavjud mablagʻlar hamda keyinchalik tushadigan pullar maxsus hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
Asosiy va ikkilamchi hisobvaraqlarga qoʻyilgan band toʻlov hujjatlari, jumladan, inkasso topshiriqnomalari va band solish toʻgʻrisidagi qarorlar ularni qoʻygan tashkilot va organlarga ijrosiz qaytariladi.
Maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlardan esa faqat mijoz yoki sud boshqaruvchisining toʻlov topshiriqnomasi asosida foydalaniladi. Adliya vazirligi bu choralar ogʻir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlar faoliyatini tiklashga xizmat qilishini taʼkidlagan.
Oʻzgartishlar fuqarolar uchun ham bir qator qulayliklarni nazarda tutadi. Endi ular oʻzining barcha bank hisobvaraqlari haqidagi maʼlumotlarni istalgan bankdan olishi mumkin. Avval bunday maʼlumot faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bank tomonidan berilar edi.
Bundan tashqari, bank hisobvaraqlarini ochishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida xorijga chiqish biometrik pasportidan ham foydalanish imkoniyati yaratildi.

