Bandlik va ishsizlikni hisobga olish tartibi oʻzgarmoqda
Mehnat resurslari, bandlik va ishsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Ishlayotganlar, oʻzini oʻzi band qilganlar, ishsizlar va aholining boshqa toifalari haqidagi maʼlumotlar turli idoralarning maʼlumotlar bazalaridan yigʻiladi va «Raqamli hukumat» tiziminiң idoralararo platformasi orqali uzatiladi.

Bandlik va ishsizlikni hisobga olish tartibi oʻzgarmoqda
Vazirlar Mahkamasining 29.09.2026 yildagi 522-son qarori bilan Oʻzbekistonda bandlik va ishsizlikni hisobga olishni takomillashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Hujjat bilan mehnat resurslari balansi shakli, uni shakllantirish va rivojlantirish sxemalari, bandlik va ishsizlik koʻrsatkichlarini hisoblash metodologiyasi, shuningdek, ishsizlar va norasmiy sektor xodimlarining maqsadli roʻyxatini shakllantirish tartibi tasdiqlandi.
Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Milliy statistika qoʻmitasi bir oy muddatda mehnat resurslari balansini shakllantirish uchun zarur boʻlgan maʼmuriy maʼlumotlar shakllarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim.
Bandlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar turli axborot tizimlaridan yigʻiladi
Mehnat resurslari toʻgʻrisidagi hisobotlarni, prognoz balanslarini shakllantirish, shuningdek, bandlik va ishsizlik koʻrsatkichlarini hisoblash uchun turli davlat organlarining axborot tizimlaridagi maʼlumotlardan foydalaniladi.
Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar, yollanma ishchilar va qishloq xoʻjaligida oʻzini oʻzi band qilgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar ombori maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.
Yuridik shaxslarda ishlayotganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining «Yagona milliy mehnat tizimi»da hisobga olinadi.
Shuningdek, mehnatga layoqatli fuqarolarning daromad soligʻi boʻyicha deklaratsiyalari, hunarmandlar, vaqtinchalik ishlash uchun xorijga ketganlar, qishloq xoʻjaligi uchun yer uchastkalari olgan shaxslar va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida faoliyatning ayrim turlari bilan band boʻlgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalaniladi.
Ushbu toifalarning har biri uchun tegishli maʼlumotlar manbalari — Soliq qoʻmitasi, «Hunarmand» uyushmasi, Migratsiya agentligi, IIV, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining axborot tizimlari koʻzda tutilgan.
Mehnat bozori ehtiyojlari har yili oʻrganiladi
Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kambagʻallikni qisqartirish va mehnat bozori tadqiqotlari instituti har yili 1 iyulga qadar ish beruvchilarning kasblar, mutaxassisliklar va malakalarga boʻlgan ehtiyojlari boʻyicha sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazadi.
Olingan maʼlumotlardan mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda kadrlarni oʻqitish va tayyorlash boʻyicha takliflar tayyorlash uchun foydalaniladi.

