Balandligi 303 metrlik toʻgʻonga ega Xitoydagi GES yil megaloyihasi boʻldi
Xitoyning Yalun daryosidagi Lyanxekou gidroelektr stansiyasi Xalqaro muhandis-maslahatchilar federatsiyasi - FIDICʼning 2026-yilgi «Yil loyihasi» mukofotida megaloyihalar toifasi gʻolibi boʻldi. Dunyodagi eng baland tosh toʻkma toʻgʻonga ega mazkur GES bu yilgi laureatlar orasidagi yagona gidroenergetika obyekti boʻlgan.

Balandligi 303 metr bo‘lgan to‘g‘onga ega Xitoydagi GES yilning megaloyihasiga aylandi.
Uning o‘rnatilgan quvvati 3 000 megavattni tashkil etadi.
Lyanxekou GES Xitoyning 2016–2020-yillarga mo‘ljallangan 13-besh yillik rejasidagi asosiy loyihalar safidan joy olgan. Stansiya Yalun daryosidagi GES kaskadida suv oqimini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.
303 metrlik to‘g‘on
GES qurilishi 2014-yilda boshlangan, 2024-yilda esa qurilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.
Shag‘al-grunt o‘zakli tosh to‘kma to‘g‘onning balandligi 303 metrga yetadi. U Ginness rekordlar kitobi tomonidan dunyodagi eng baland tosh to‘kma to‘g‘on sifatida tasdiqlangan.
Stansiya dengiz sathidan o‘rtacha 3 000 metr balandlikda, grunt mavsumiy muzlaydigan hududda qurilgan. Murakkab tabiiy sharoitlar sabab quruvchilar yil davomida atigi 200 kun atrofida samarali ishlash imkoniga ega bo‘lgan.
Tik yonbag‘irlar, tog‘ jinslari massividagi yuqori tabiiy kuchlanish sharoitida yerosti mashina zalini barpo etish, shuningdek, sovuq va baland tog‘ sharoitida o‘ta baland to‘g‘on qurish qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirgan.
Loyihada 11 ta jahon rekordi o‘rnatilgan
Qurilish jarayonida o‘ta baland tosh to‘kma to‘g‘onni intellektual texnologiyalar yordamida barpo etish, qishda ishlarni davom ettirish hamda katta bosim va yuqori tezlikdagi suv oqimiga mo‘ljallangan suv tashlash inshootlarini loyihalash bilan bog‘liq texnik vazifalar hal qilingan.
Manbada aytilishicha, loyiha doirasida jami 11 ta jahon rekordi o‘rnatilgan. Qurilishning barcha bosqichlarida intellektual texnologiyalardan keng foydalanilgan.
Lyanxekou GES yiliga qariyb 11 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

