Mahalliy

BAAdan olib kelingan 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq Navoiy cho‘llariga qo‘yib yuborildi

BAAning ixtisoslashtirilgan pitomnigida parvarishlangan 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlari hududidagi cho‘llarga qo‘yib yuborildi. Loyiha noyob qush turining tabiiy populyatsiyasini tiklashga qaratilgan.

Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlaridagi cho‘l hududlariga Birlashgan Arab Amirliklaridan olib kelingan 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq (hubara) qo‘yib yuborildi. Bu haqda Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qushlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti davlat muassasasi, Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda "Falcon Hunting Solutions" MCHJ ishtirokida tashkil etilgan tadbir doirasida tabiatga qaytarildi.

Ushbu yo‘rg‘a tuvaloqlar Birlashgan Arab Amirliklarining ixtisoslashgan pitomnigida parvarishlangan bo‘lib, Dubay amirligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida mamlakatga keltirilgan.

Loyiha yo‘rg‘a tuvaloqlarining tabiiy muhitdagi sonini oshirish va cho‘l ekotizimini saqlashga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar noyob qush turining populyatsiyasini ko‘paytirish va cho‘ldagi bioxilmaxillikni saqlashga xizmat qiladi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi hududiga 672 bosh yo‘rg‘a tuvaloq qo‘yib yuborilgan edi. Ular BAA prezidenti va Abu-Dabi hukmdori shayx Mansur bin Zaid Al Nahayyanning Qozog‘istondagi vakolatxonasiga tegishli bo‘lgan ixtisoslashgan ko‘paytirish markazida yetishtirilgan.

Yo‘rg‘a tuvaloqlar O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasining Qizil kitobi hamda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari savdosi to‘g‘risidagi CITES konvensiyasining I ilovasiga kiritilgan.

O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi (Emirates Bird Breeding Center for Conservation), shuningdek, 2008-yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha "Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi" (Emirates Center for Conservation of Houbara) faoliyat yuritadi.

Ekologiya milliy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘rg‘a tuvaloq asosan O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lida, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkaz orti, Misr, G‘arbiy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda yashaydi.