BAA Oʻzbekistonda yirik uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor
Oʻzbekiston va BAA vakillari investitsiyalarni kengaytirish, yangi qoʻshma loyihalar hamda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar.

BAA Oʻzbekistonda yirik uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor
Oʻzbekiston Elchixonasi diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyalar vaziri Muhammad Hassan Al-Suvaydiy bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Suhbat chogʻida tomonlar strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildilar.
Uchrashuv ishtirokchilari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar barqaror rivojlanayotganini taʼkidladilar. Shu bilan birga, Amirliklarning yetakchi kompaniyalari va investitsiya institutlarini Oʻzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridagi loyihalarga yanada faol jalb etish uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.
Muhammad Hassan Al-Suvaydiy strategik sheriklikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda yirik uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish buning yoʻnalishlaridan biri boʻlishi mumkin.
Tomonlar qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, zamonaviy shaharsozlik va infratuzilma, energetika, togʻ-kon va yuqori texnologiyali sanoat, shuningdek, boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Tomonlar BAAning yetakchi kompaniyalari va investitsiya tuzilmalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda tayyorlash va oʻzaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish ustuvor vazifalar qatoridan joy oldi.
Bundan tashqari, muzokaralar ishtirokchilari yuqori darajadagi oʻzaro tashriflarni davom ettirish va qoʻshma tadbirlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar. Ushbu tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi lozim.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik sheriklik salohiyatidan yanada samarali foydalanish va investitsiyaviy hamkorlikka qoʻshimcha amaliy mazmun bagʻishlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

